Ta’tilda pedagoglar salohiyati oshirildi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

O‘quvchilar uchun belgilangan qishki ta’til nihoyasiga yetdi. Qayd etish joizki, bu yilgi ta’til o‘ziga xos ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, kitobxonlik kechalari, davra suhbatlari bilan mazmunli o‘tdi. 40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida yangi yilning ilk haftsini “Kasbiy rivojlantirish haftaligi”, deb e’lon qildik. Shundan kelib chiqib, 4-yanvar kuni boshlang’ich ta’lim o‘qituvchilaridan diktant olindi, ularning yozma savodxonligi baholandi. Yo‘l qo‘yilgan xatolar tahlil qilindi.

Maktabimizda 8 ta metod birlashmasi ishlab turibdi. 5-yanvar kuni ushbu birlashmalar yarim yillik hisobotlarini taqdim etishdi. Unda ta’lim sifati tahlili, samaradorlikni oshirishga ta’sir etuvchi ijobiy hamda salbiy omillar, erishilgan yutuqlar, kamchiliklar, kelgusidagi maqsad-vazifalar muhokama etildi.
O‘qituvchilarning malaka toifalarini oshirish, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ustoz-shogird an’anasini davom ettirish, o‘quvchilar bilan muloqotni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan holda ko‘proq interfaol darslar tashkil qilish, o‘quvchilarga mustaqil ishlar, jumladan, referat, taqdimot, kichik esselar yozish kabi topshiriqlarni berib borish, ularda tadqiqotchilik ko‘nikmalarini shakllantirish kabi muhim vazifalar belgilandi. Shuningdek, o‘qituvchilar o‘rtasida o‘zaro dars tahlillari hamda tanqidiy yondashuvlarni kuchaytirish, xalqaro va milliy sertifikat olgan o‘qituvchilar sonini oshirish ustuvor ekani ta’kidlandi.
2023-yilning 22-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida 6-yanvar kuni “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida “Mahallada duv-duv gap” ma’naviyat-targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda 4-sektor vakillari hamda Samarqand mahallasi jamoatchiligi qatnashdi. Madaniyat bo‘limi xonandalari va maktabimizning iste’dodli o‘quvchilari hamkorlikda tayyorlagan badiiy chiqishlar tadbirga fayz bag‘ishladi.

Haftalik rejasida “Ustoz – ota-ona kabi moʻtabar” mavzusida trening mashg‘uloti o‘tkazish belgilangandi. Ushbu tadbir 8-yanvar kuni tashkil qilindi. Unda direktor o‘rinbosarlari, maktab psixologlari hamda 41 nafar sinf rahbarlari ishtirok etishdi. Dastlab, ma’naviy-ma’tifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarining yarim yillik hisoboti tinglandi. Sinf rahbarlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar muhokama qilindi. Kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. Huddi shunday hisobotlar maktab psixologlari tomonidan ham taqdim etildi. Shundan so‘ng o‘qituvchining jamiyatdagi o‘rni, nufuzini oshirish uchun amalga oshirilgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Bugungi kunda ustozlarga bildirilgan ishonchning yuqori ekani, xalqimiz farzandlari ishonib topshirilgan ustozlar har tomonlama namuna, ibrat bo‘lishlari, ota-onalar bilan hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhimligi hayotiy misollar yordamida tushuntirib berildi.

9-yanvar kuni navbatdagi pedagogika kengashi o‘tkazildi. Kengashda I yarim yillikda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar muhokama qilindi.

Haftalik yakunida maktab jamoasi Samarqand shahridagi “Kitob olami” do‘koniga bordi. Shaxsiy kutubxonamiz hamda maktabimiz uchun turli mavzulardagi ilmiy-metodik kitoblar hamda o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari xarid qilindi.

Shohista NAMOZOVA,
tuman kengashi deputati.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM