
Tumanimiz ijodkorlarini o‘zida birlashtirgan “Umid” klubining navbatdagi uchrashuvi o‘ziga xos yo‘nalishda o‘tkazildi. Unda garchi asosiy kasbi adabiyotga hamohang bo‘lmasa-da, nazm va nasrda samarali ijod qilib kelayotgan turli soha vakillari qatnashdi. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, ustoz adib va shoirlar qatnashishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Qayum Sobirov tarixda o‘chmas iz qoldirgan Anton Chexov, Chingiz Aytmatov, Oybek, Zarifa Saidnosirova, Sharof Rashidov kabi adabiyot darg‘alari ham aslida boshqa kasb egasi bo‘lishganini qayd etdi.
– Bugun oramizda iqtisodchilar, qishloq xo‘jaligi va sanoat xodimlari, quruvchilar, shifokorlar, hatto uy bekalarining ham borligi quvonarlidir, – dedi hokim. – Ana shu xilma-xillik tumanimiz adabiy muhitining boy va sermahsulligini belgilaydi.
Tadbir davomida ijodkorlarning yangi asarlaridan namunalar jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Ta’limda muvaffaqiyatga erishgan bir guruh o‘quvchilarga hokim stipendiyasi tantanali topshirildi. Musiqiy chiqishlar bilan uchrashuv yanada fayzli o‘tdi.