Saylov orqali korrupsiyaga ta’sir o‘tkazish mumkinmi?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Korrupsiya jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. U demokratiya va huquq asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi.
Qayd etish joizki, korrupsiya katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, hanuzgacha kishilik jamiyatiga xavf solmoqda.
Ko‘p hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata ishlatiladi. Korrupsiya ko‘plab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan huquqqa qarshi harakat sifatida ta’qib qilinadi. Tarixiy o‘zaklari juda qadimga borib taqaladi. Zamonaviy siyosatshunoslikda qabilada ma’lum mavqega ega bo‘lish uchun qabila sardoriga sovg‘a berish odatidan kelib chiqqan, deb taxmin qilinadi.
Ushbu illatni tadqiq qilgan mutaxassislar quyidagi faktorlarni korrupsiya omili sifatida ko‘rsatishadi.
– Ikki xil ma’noni anglatuvchi qonunlar. Ushbu vaziyat huquqni qo‘llovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlarni turlicha qo‘llash imkonini yaratadi. Shuningdek, ayrim mutaxassislar jinoyat, ma’muriy qonunchilikdagi “vilka” sanksiyalarni ham korrupsiyaga qulay sharoit yaratishi mumkinligi haqida fikr yuritishgan. Ya’ni, sanksiyaning aniq miqdori yo‘qligi sudyada uni o‘z hohishiga qarab qo‘llashga sharoit yaratib beradi.
– Aholi huquqiy savodxonligining pastligi. Qonunlarni bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga o‘zining shaxsiy manfaati yo‘lida qonunlardan foydanishga qulay sharoit yaratadi.
– Mamlakatdagi siyosiy vaziyatning notinchligi. Bu birinchi navbatda aholi ongida hayotda yuksak turmush darajasiga erishishning asosiy usuli qonunga xilof faoliyat bilan bog‘liq, degan mutlaqo axloqqa zid nuqtai nazar shakllanishiga olib keladi.
Jahon mamlakatlarida korrupsiyaga qarshi kurashning bir necha usullari mavjud. Jumladan, ichki nazorat, bu usul boshqaruv apparatining o‘zida nazoratni kuchaytiruvchi tuzilmalar (har xil ichki inspeksiyalar va boshqa organlar tuzish) orqali. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlarning ichki etiket qoidalariga rioya qilishini nazorat qilishdir.
Tashqi nazorat esa ijro apparatidan mustaqil tuzilmalarning mustaqilligini oshirish nazarda tutilib, aynan ushbu tuzilmalar orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib boriladi. Ya’ni, sud hokimiyatining maksimal darajada mustaqilligiga erishish, ommaviy axborot vositalariga ko‘proq erkinlik berish kabi.
Saylov tizimi orqali kurashish demokratik davlatlarda ancha ommalashgan. Bunda saylangan vakillarni korrupsiya uchun jazolashning asosiy usullaridan biri keyingi saylovlarda unga ovoz bermaslik hisoblanadi. Korrupsiyaga saylovlar orqali ta’sir o‘tkazish eng samarali usul hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvedsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallaydi.

Shohida MURODULLAYEVA,
fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudning raisi.

 

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM