Vakolatini suiiste’mol qilgan hokim yordamchilari xatti-harakatiga huquqiy baho beriladi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Xalq deputatlari tuman kengashining sakson sakkizinchi sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda mahallalarda xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish borasidagi ishlar yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosarlari Akram Sa’dullayev va Shoxruh Hasanov hisobot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida xizmatlar sohasida 5300 ta doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan. Hududiy investitsiya dasturi doirasida 24,1 milliard so‘mlik 151 ta loyiha amalga oshirilgan. Bundan tashqari, har bir mahallaga zarur bo‘lgan 20 turdagi xizmatlar bo‘yicha 301 ta shoxobchalar ishga tushirilgan. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 1458 nafar fuqaroga 25 million so‘mdan ortiq imtiyozli kredit ajratilgan.
Shuningdek, yanvar-iyul oylarida 6,2 million AQSh dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgani aytildi. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni keskin oshirish yuzasidan belgilangan rejalar ochiqlandi. Xususan, “Coka-cola”, “Xinjiang Deyuan Bioengineering”, “Adams United Inc” kabi brend kompaniyalar bilan hamkorlikda yirik loyihalar ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.
Sessiyada “Hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi yuzasidan 2-sektor rahbari Jamshid Ahmedov axborot berdi.
Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichi past bo‘lgan Qang‘li va Shirinkent mahallalaridagi hokim yordamchilari faoliyati muhokama qilindi.
Aniqlanishicha, Qang‘li mahallasida 6 ta, Shirinkent mahallasida 4 ta holatda imtiyozli kredit mablag‘lari maqsadsiz ishlatilgan. Achinarlisi, ushbu holatlarga yagona elektron platformaga soxta ma’lumot kiritish orqali hokim yordamchilari bevosita aralashgan.
Ushbu faktlar deputatlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Barcha mahallalarda chuqur o‘rganish o‘tkazish, vakolatini suiiste’mol qilgan hokim yordamchilari xatti-harakatiga huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga so‘rov yuborish belgilandi.
Sessiya ishida 2-sektor hududidagi og‘ir qishloqlarda aholi turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM