Pedagogga tuxmat qilganlar javobgarlikka tortildi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Yurtimizda ustoz obro‘sini himoya qilish, sha’ni, qadr-qimmatini yuksaltirish borasida muhim qadamlar tashlanmoqda. Yaqin tarixda paxta terimidan ko‘cha supurishgacha bo‘lgan eng og‘ir vazifalar bu bag‘rikeng, fidoyi insonlar zimmasiga yuklangani achchiq haqiqat. Endilikda ularning eng obro‘li qatlamga aylanishi davlat siyosatining muhim yo‘nalishi etib belgilangan.
Ushbu jarayonda ustozlar maqomini qonun bilan mustahkamlab qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Zero, yangi avlodga ta’lim-tarbiya berishdek mas’uliyatli vazifa sohiblari har jihatdan dahlsiz bo‘lishi kerak.
Afsuski, oramizda ustoz maqomini, sha’nini toptamoqchi bo‘lgan kimsalar ham uchrab turadi. Agar qonunchilik tizimi qat’iy iroda ko‘rsatsa, jamiyatning har bir a’zosi pedagogga qaratilgan noxolislikka qarshi oyoqqa tursa, bu illatdan ham qutilish mumkin. Yaqinda tumanimizda yuz bergan holat fikrimiz tasdig‘idir.
Joriy yilning mart oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda 40-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi rahbariyati, o‘qituvchilar jamoasi haqida turli noxush xabarlar, lavhalar tarqaldi. Emishki, muassasada korrupsiya avj olgan, bilim-saviyali kadrlar ishdan chetlatilayotganmish…
Vaziyatdan bexabar holda kimdir bunga ishondi, kimdir aksincha, maktab tumanimizdagi eng ilg‘or, salohiyatli ta’lim dargohi ekanini ta’kidladi. Aprel oyiga kelib qo‘shtirnoq ichidagi “blogerlar” holatni yanada ko‘pirtirib, qo‘shib-chatib yorita boshlashdi. Shu darajaga yetdiki, tuman ziyolilari, jamoatchilik faollari huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilib, vaziyatni o‘rganish, asl holatga baho berishni so‘radilar. Darhaqiqat, agar iddaolar o‘z tasdig‘ini topsa, maktab muhitini yaxshilash chorasi ko‘rilishi kerak. Aksincha, xabarlar tuxmatdan iborat bo‘lsa, pedagoglar sha’niga tajovuz qilgan kimsalar javobgarlikka tortilishi adolatdan bo‘ladi.
Yaqinda ushbu masalaga so‘nggi nuqta qo‘yadigan sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Tavsilotlar esa quyidagicha.
Ushbu maktabda 2022-yilning sentabr oyida ish boshlagan R.I. bir vaqtning o‘zida Jizzax viloyati, Baxmal tumanidagi maktablardan birida ham faoliyat yuritib kelgan. Bu aslida qonunchilik talabining jiddiy buzilishi hisoblanadi. Shu sababli holat maktab rahbariyati tomonidan aniqlangach, xodimga ogohlantirish beriladi. U esa o‘z navbatida turmush o‘rtog‘i M.Sh.ga vaziyat haqida xabar qiladi. Ikkovlon avval maktab direktori, so‘ng xalq ta’limi bo‘limi rahbari xonasida to‘palon ko‘tarishadi. Holatga ichki ishlar bo‘limi xodimlari aralashgach, R.I. ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish), M.Sh. 183- (mayda bezorilik) hamda 194-moddasi (ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) ayblovi bilan javobgarlikka tortiladi.
Agar ikki huquqbuzar tegishli xulosa qilganida narcha noxushliklar shu bilan yakuniga yetishi ham mumkin edi. Ammo ular “boshqacha yo‘l bilan” o‘ch olishni maqsad qilishadi. Ijtimoiy tarmoqlarda turli bo‘xton, uydirma gaplar yozib, maktab direktori, o‘rinbosarlari, pedagogika jamoasi sha’nini kamsitishga kirishadilar. Jamoa yig‘ilishlari, dars jarayonlari, maktab hayotidan turli vaqtlarda yozib olingan videolavhalarni noto‘g‘ri talqin qilib, g‘arazli niyatlariga erishmoqchi bo‘lishadi. Oqibatda yuqorida aytganimizdek, jamoatchilikning keskin noroziligi kelib chiqdi.
Yuz bergan holatning barcha jihatlari huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan sinchiklab o‘rganildi. Nihoyat jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining sayyor sudida jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi, “a”, “g” bandlari bilan qo‘zg‘otilgan ish mazmunan ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchi M.Sh. aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Pedagogni g‘arazgo‘ylik niyatida, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, tuxmat qilgani, aslida bunga hech qanday isboti, asosi bo‘lmaganini tan oldi.
Afsuski, ayrim maktab direktorlari uni ushbu qilmishni sodir etishga dalolat qilgani ham surishtiruv davomida oydinlashdi.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bunday qilmish uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravarigacha jarima yoki to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikni cheklash jazosi beriladi. Ammo…
Ustoz naqadar olijanob, bag‘rikeng inson bo‘lishi yana bir bor isbotini topdi. Jamoa nomidan so‘zga chiqqan maktab direktori Shohista Namozova sudlanuvchini kechirganini bildirdi. Sud hay’atidan ayblanuvchiga yengillik berishni so‘radi.
M.Sh. sodir etgan qilmishi ijtimoiy xavfliligini yo‘qotgani munosabati bilan jazodan ozod qilindi.

 

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM