Simyog‘och kimga “suyanadi?”

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Kundalik hayotimizni elektr quvvatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Mamlakat iqtisodiyotining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan sanoat sohasining mo‘tadil faoliyat yuritishi ham ko‘p jihatdan elektr energiyasiga bog‘liq. Binobarin, undan oqilona foydalanish kerak. Bugun uzoq qishloqlargacha elektr ta’minoti yetib borgan. Minglab chaqirimga tarmoq liniyalari orqali energiya yetkazib beriladi.

Oqilona foydalanish, deganda mazkur elektr uzatish tarmoqlari-yu, simyog‘ochlardan ziyon-zahmatsiz, unumli foydalanish ham tushuniladi. Chalaqo‘rg‘on qishlog‘idagi “Abdurazzoqov Alijon” fermer xo‘jaligi hududidan o‘tgan elektr liniyasi va simyog‘ochlarning ahvoli esa kishini tashvishga soladi.

So‘z yuritilayotgan tarmoq O‘rtabo‘z fazasiga tegishli va undan yuqori kuchlanishli energiya atrofdagi qishloqlarga uzatiladi. Ammo bir necha yillardan beri qarovsiz qoldirilgani oqibatida elektr simlari salqib, simyog‘ochlar bir yonga og‘ib qolgan. Simlar muvozanatini saqlab turishda qo‘llaniladigan tirkama choynaklari harorat va yog‘inlar ta’sirida butkul nosoz holatga kelib qolgan.

Hozir poliz ekinlari ayni parvarishlanadigan palla. Fermer xo‘jaligi yerlarida ish qizg‘in. Dala mehnatkashlari esa yuqoridagi holatdan tashvishda. Axir, ekin sug‘orilayotgan bir paytda bir tomonga og‘ib qolgan simyog‘ochlar istagan vaqtda qulab tushishi, dala maydonida bo‘lgan insonlar hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi mutasaddilari bu kabi holatlarga jiddiyroq e’tibor qaratishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Tuman hokimligi axborot xizmati.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM