11 nafar abituriyent va 2 nafar nazoratchi chetlatildi: OTMga kirish imtihonlari qanday o‘tyapti?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

2-son bolalar va o‘smirlar sport maktabining futbol maydonida oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari o‘tkazilyapti. Aytish joizki, tumanimizda ilk bor tashkil etilayotgan ushbu tadbirga qizg‘in hozirlik ko‘rildi.

O‘yingoh hududida 1200 o‘rin hozirlangan bo‘lib, har kuni 2000 nafardan ortiq abituriyentlar test imtihonlarida qatnashayotgan ekan. Hududga kirish uchun ular uch bosqichli tekshiruvdan o‘tkazilyapti.

– Hududda abituriyentlarning salomatligi, xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlash dolzarb masala, – deydi davlat test markazi viloyat bo‘limi rahbari Vohid Sirliboyev. – Tibbiyot va huquqni muhofaza qilish organlari bunda yaqindan ko‘mak berishyapti. Abituriyentlar va ularning ota­onalari uchun zarur sharoitlar yaratilgan. 30 nafardan 39 ta guruhga ajratilgan ishtirokchilar ikki navbatda testga kirishadi. Ularni 95 nafar nazoratchilar kuzatib boradi. Zarur tushuncha va tavsiyalar beriladi.

Imtihonga biriktirilgan xodimlarni joylarga taqsimlashda bu yil juz’iy o‘zgarish bo‘ldi. Jomboy tumanidan chaqirilgan nazoratchilar viloyatdagi boshqa hududlarga jalb etilmadi. Ularni tumanning o‘zida qoldirishni ma’qul ko‘rdik. Abituriyentlarni guruhlar kesimida joylashtirish, kelib­ketish bo‘yicha to‘g‘ri yo‘nalish berishda mahalliy nazoratchilarning o‘rni muhim. Hudud imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olgan nazoratchi yo‘l­yo‘riq va ko‘rsatma berishga qiynalmaydi.

E’tiborimizni tortgan yana bir jihat 48 ta kuzatuv kamerasining uzluksiz ishlab turgani bo‘ldi. Bu – imtihonni masofadan kuzatish va tasvirga olish imkonini bermoqda. Ushbu muhim tadbir uchun viloyat bo‘yicha beshta ochiq ob’yekt va maydonlar tanlab olingani ma’lum. Ertalab va tushdan keyin o‘tkazilayotgan test jarayoni test2021.uz sayti orqali to‘g‘ridan­to‘g‘ri namoyish etilyapti. Abituriyentlarning turli hududlardan kelishi ham inobatga olingan. Imtihon kunlari Samarqand shahri va Jomboy tumani bo‘ylab maxsus avtobus va transportlar harakati yo‘lga qo‘yilgan.

– Maktabni shu yil tamomlab, OTMga hujjat topshirdim, – deydi Payariq tumanidan kelgan Dilnura Abdumurodova. – Imtihon o‘tkazilayotgan hududni boshqacha tasavvur etardim. O‘ylaganimizdan ko‘ra, katta tayyorgarlik ko‘rilibdi. Qog‘oz, qalam, ichimlik suvi, antiseptik vositalardan tashqari, bizga quyoshdan Test sinovlariga ko‘rilgan hozirlikdan buni sezish qiyin emas. Savollar aniq, lo‘nda tuzilibdi. Maktab darsliklaridan chetga chiqilmagan. SamDUning geografiya fakultetiga hujjat topshirdim.

Davlat test markazi viloyat bo‘limi rahbari V.Sirliboyevning aytishicha, test sinovlaridan chetlatilgan abituriyentlar ham yo‘q emas. Shu kunga qadar mobil aloqa vositalarini yashirincha olib kirish va boshqa qing‘ir yo‘llar bilan talaba bo‘lishni ko‘zlagan abituriyentlarning 11 nafari imtihondan chetlatilgan. Belgilangan talabni buzgan ikki nafar nazoratchiga ham tegishli tartibda chora ko‘rilgani aytilmoqda. Tana harorati yuqori bo‘lgan, koronavirus alomatlari kuzatilgan abituriyentlar ham hududga qo‘yilmayapti. Qabul komissiyasining ma’lum qilishicha, ularning salomatligi tiklangach, alohida test olish choralari ko‘riladi.

Shu yilning 5 avgust kuni boshlangan test sinovlari 14 avgustga qadar davom etadi. O‘z bilimi va iqtidoriga tayanib, talaba bo‘lishni niyat qilgan yoshlarga ana shu baxt kulib boqishiga ishonamiz.

Sherzod ISOQULOV.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM