Har bir kasbning o‘ziga yarasha mashaqqat va qiyinchiliklari bor. Uzumchilik tarmog‘i ham bundan mustasno emas. Hususan, o‘tgan yili ob-havoning noqulay kelishi uzum hosiliga ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi. Xo‘sh, bu yil mavsum qanday keldi? Saroy mahallasida bo‘lib, jarayon bilan tanishdik.
– Salkam o‘n yildan buyon uzumchilik bilan shug‘illanib kelaman, – deydi O‘tkir Rahmonov. – Oltmish sotix maydonga 500 tupdan ortiq uzum ekilgan. Oq va qora kishmish navlari pishib yetildi. Ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlamoqdamiz.
O‘tgan yili gullash arafasida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgandi. Buning oqibatida changlanmay qolib ketdi. Natijada oltmish sotix joydan yetti tonnagina hosil chiqqan.
Uzumzorni ko‘zdan kechirdik. Bog‘bonning aytishicha, har bir tupda 40-50 kilogramdan hosil bor. Quyosh nurida yaxshi yetilishi uchun tok barglari qisqartirilmoqda. O‘tkir bobo uzumlarni xomtok qilish bilan band.
Mirishkor joriy mavsumda 20 tonna hosil olishni rejalashtirgan.
Ahror SHAMSIYEV.