“Ko‘mak ko‘rsatish”ni “bosim o‘tkazish” deb tushunmang

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Joriy yilning 25 iyul kuni saytimizda yoritilgan “Hokimlik xodimlarini noqonuniy ishga da’vat etmang” sarlavhali maqola yuzasidan viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Unda jumladan shunday deyiladi:

“Jomboy tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabida 2021-2022 o‘quv yili uchun qabul jarayoni talab darajasida tashkil etilmadi. Qabul rejasi 270 nafar etib belgilangan. Qabul qilingan o‘quvchilar soni 213 nafar (78,9 foiz).

Kasb-hunar maktabi direktori R.Isoqulov o‘z arizasiga ko‘ra, lavozimidan ozod etilgan.

Yangi rahbar tayinlangunga qadar muassasaga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish uchun boshqarmaning bosh uslubchi-maslahatchisi Muhiddin Boliyev tegishli buyruq asosida Jomboy tumaniga xizmat safariga yuborilgan.

M.Boliyev Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizomning 12-bandi talablaridan kelib chiqib, tuman hokimligiga murojaat qilgan”.

Munosabat mazmunidan angladikki, M.Boliyev haqiqatan ham boshqarma xodimi ekan. Yana tushunishimizcha, boshqarma uning xatti-harakatini Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq qonuniy, deb baholayapti.

Vaholanki, o‘sha 12-bandda kasbga yo‘naltirish ishlarini aynan kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari tashkil qilishi ko‘rsatilgan. Bunda mahaliy davlat hokimiyati organlari faqat ko‘mak ko‘rsatadi.

O‘z-o‘zidan savol(lar) tug‘iladi:

Iyul oyi oyoqlashiga qaramay qabul rejasi 80 foizga ham yetmaganiga kim aybdor? Nima uchun shu paytgacha umumta’lim maktablarida, o‘quvchilar, ota-onalar o‘rtasida targ‘ibot ishlari tashkil qilinmagan?

Nima uchun boshqarmaday kattakon dargoh va uning xizmat safariga yuborilgan maxsus vakili “ko‘mak ko‘rsatish” jumlasini bosim orqali muammoni hal etish, deb tushunmoqda? (Bosim o‘tkazishga urinildi, deyish uchun dalil va asosimiz bor).

Boringki, M.Boliyev Vazirlar Mahkamasi qaroriga tayanib, hokimlikka murojaat qilgan, deylik. Unda nega o‘zini bloger deb tanishtirdi? Qo‘lida xizmat safariga yuborilgani to‘g‘risidagi hujjatlar bor ekan-ku? Shuning o‘zi uning xatti-harakatlariga tushunarsiz tus bermayaptimi?

Va nihoyat, M.Boliyevning xatti-harakatlari pedagog etikasiga to‘g‘ri keladimi? Nega boshqarma o‘z xodimi bilan aqalli tushuntirish o‘tkazmagan?

Quyida M.Boliyev tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan qayd (post)lardan namunalar keltirildi.

Umid qilamizki, holatga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xolis baho beradi.

Tuman hokimligi axborot xizmati.

 

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM