Hukumat qarori: Jomboy adabiy muhiti vakilining 80 yilligi nishonlanadi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga ko‘ra, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir va dramaturg Mashrab Boboyev tavalludining 80 yilligi keng nishonlanadi.

Bu ism tumanimiz ziyolilariga yaxshi tanish. Mashrab Boboyev Jomboyning o‘ziga xos ijodiy muhiti shakllanishida muhim o‘rin tutgan insonlardan biri edi. 1960-yillarda "Shonli mehnat" (hozirgi "Jomboy tongi") gazetasida faoliyat yuritib, Mirza Majidov, Abdurasul Oltmishev, Shokirjon Sheraliyev kabi taniqli jurnalistlar bilan bir safda mehnat qilgan.

Adib Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida o‘qigan. Respublika xalq ijodiyoti uyida uslubchi, Samarqand viloyat xalq ijodiyoti uyida direktor, "Yosh gvardiya" (hozirgi “Yangi asr avlodi”) va Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotlarda muharrir bo‘lib ishlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Milliy axborot agentligida mas’ul vazifalarda faoliyat ko‘rsatgan.

Uning "Onamga xat", " Bahor kayfiyati", "Gurung", " Kechki trolleybus", "Bag‘ishlov", " Olisdagi chiroq", "So‘z", " Men bilgan sir", "Qani mening yulduzim?", "Nomsiz yulduzlar" kitoblari chop etilgan.

1995-yil "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" faxriy unvoni bilan taqdirlangan. 2003-yil 23-iyulda Toshkent shahrida vafot etgan.

Viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasida adib tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi, foto va kitoblar ko‘rgazmasi, Samarqand davlat universitetida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazish belgilangan.

U tug‘ilib o‘sgan Payariq tumani Maniobod mahallasidagi 91-umumiy o‘rta ta’lim maktabida xotira burchagi tashkil etiladi, tumandagi markaziy ko‘chalardan biriga uning nomi beriladi.

Yubiley tadbirlarini yil davomida o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM