Jomboyda ijodiy muhit ming yil avval shakllangan – tuman hokimi matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini tabrikladi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Aziz jurnalistlar, ijodkor do‘stlar!

Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami shukuhi kezib yurgan fayzli kunlarda kasb bayramingiz – O‘zbekiston matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman.

Jomboy adabiy muhiti asrlarni qaritgani sir emas. Imom Shamsullayima hazratlari boshlab bergan yo‘lni XV asrda yashab o‘tgan so‘fiy shoirlar – Shayx Xudoydod Vali hamda Kamoliddin Oqoniy-Aliobodiy munosib davom ettirganlar. Keyinchalik, Saidahmad Siddiqiy-Ajziy bobomiz bu muhitga yangicha ruh olib kirdilar. Ustozlar qalami egasiz qolmaydi, deganlari haqiqat. Bozorboy O‘rinboyev, Ahmad A’zam, Gulchehra Jamilova va yana ko‘plab ijodkorlar ushbu maktab rivojiga hissa qo‘shishdi. Muhimi, ana shu ming yillik chashma hanuz sharqirab oqmoqda.

Bundan qirq yilcha muqaddam “Shonli mehnat” (hozirgi “Jomboy tongi”) gazetasi qoshida “Umid” klubi faoliyat yuritgan. Ushbu to‘garak tashkilotchilari Oyxumor Asadova, Shokirjon Sheraliyev, Alisher Umidov hamda Yormamat Rustamovning sa’y-harakatlari bilan qanchadan-qancha ijodkorlar yetishib chiqdi. “Umid”ning ilk a’zolari bo‘lgan Hafiza O‘sarova, Manzura Shamsiyeva, Bibirajab Elbekova, Bahora Shodmonova bugun ustozlik maqomiga yetishdi. Ularning ortidan ergashib kelayotgan yoshlar ham bir avlod bo‘lib qoldi. Umidli yoshlarimiz safimizda yangi ovoz bo‘lib yangrayotgani ayniqsa, quvonarlidir.

Xabaringiz bor, yaqinda “Umid” klubini qayta tikladik. Yoshlar bilan o‘tayotgan mashg‘ulotlarda Barot Nodirov, Xo‘roz Abdusalomov, Mavluda Mumtoz, Hasan Sultonov singari umrini ijodga bag‘ishlagan ustozlar hayoti ibrat namunasi sifatida ko‘rsatilyapti.

Klubni tiklashdan asosiy maqsadimiz ham yoshlarimizni adabiy jarayonlarga faol jalb etish, dastlabki qadamlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Yuqorida “Jomboy tongi” gazetasini bejiz tilga olmadik. Tahririyat hamisha ijodiy jarayonlar markazi bo‘lgan. Bu dargohda Mirza Majidov, Abduqodir Rahmonqulov, Abdusamad Hamidov, Rahmatulla Inoyatov, Toshbalta Nahalov kabi ustozlarimizning izi qolgan. Sharafli yo‘lni Isomiddin Po‘latov rahbarligidagi yosh jamoa munosib davom ettirmoqda. Ularning mehnatiga Yaratgan madadkor bo‘lsin.

Darhaqiqat, bugun tumanimizda jurnalistikaning uch avlod vakillari birlashdi. Nurnoniylar tajribasi yoshlar shijoati bilan uyg‘unlashib, yangi marralar sari dadil boryapmiz. 

Bugun tuman ijodiy muhiti erishgan natijalar, ko‘zlayotgan marralarni e’tiborga olsak, mehnatingiz naqadar ulkan ekani namoyon bo‘ladi. Fursatdan foydalanib, tuman aholisiga sifatli axborot yetkazib berish, davlat organlari, tashkilot va muassasalar faoliyatini yoritishdagi xolisligingiz, ijtimoiy hayotdagi faolligingiz hamda milliy ma’naviyat, mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishga qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun barchangizga o‘zimning samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Yangilik izlab, yangilikka intilib yashashdan charchamang. Jamiyatda yuz berayotgan muhim o‘zgarishlar, ustuvor g‘oya va tashabbuslarning ma’no-mohiyatini odamlarga tezkorlik va xolislik bilan yetkazishdek sharafli kasbingizda ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin. 

Qayum SOBIROV,

Jomboy tumani hokimi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM