Tuman prokurori: Xalq ichidagi rahbar yutqazmaydi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Mamlakatimizda fuqarolarning qonuniy huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi. Aholi hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun prokuratura organlari tomonidan ham xayrli ishlar qilinmoqda. Yaqinda Jomboy tumani prokurori Jamshid Ahmedov bilan shu mavzuda suhbatlashdik.

– Tumanning 2-sektori 10 ta mahallani qamrab olgan, – deydi J.Ahmedov. – 8 ming 706 ta xonadonda 46 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz yoki turmush sharoiti og‘ir ahvolga tushib qolgan 727 ta oilani “Temir daftar”ga kiritgandik. Manzilli ishlar to‘g‘ri tashkil etilgani bois 614 ta oila doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. Tuman kengashi qarorga ko‘ra, ushbu fuqarolar daftardan chiqarildi.

– Jamshid Jabborovich, joriy yildan yana bir yangi tizim – “Yoshlar daftari” ham shakllantirildi. Siz rahbarlik qilayotgan sektor bo‘yicha bu borada qilinayotgan ishlar haqida so‘zlab bersangiz. Yigit-qizlarga ko‘rsatilayotgan aniq amaliy ko‘maklarga to‘xtalsangiz.

– Hozirda 113 ta oilaning turmush sharoitlarini yaxshilash bilan shug‘ullanyapmiz. “Yoshlar daftari” bo‘yicha 7 ming 888 ta yigit-qizlar xatlovdan o‘tkazilib, 1097 nafarining turli muammolari borligi aniqlandi. Shundan bugungi kungacha 786 tasi ijobiy hal etildi.

Bundan tashqari, 626 nafar horijdan kelgan yoshlarimizning 58 nafariga 30 sotixdan yer ajratib berdik. Albatta, bunda alohida chora-tadbirlar dasturi tuzib olganmiz. Asosan, yoshlar bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish maqsadimizdir. Shuningdek, kasb-hunarga o‘rgatish, qayta tayyorlash masalalariga alohida e’tibor berilyapti. Natijada, Ro‘yxatga kiritilgan 178 nafar yoshlarimiz o‘zini-o‘zi band qildi, 42 nafari tadbirkorlik boshladi. Yana 6 nafarini qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb qildik, 275 nafari esa kredit olish istagini bildirdi. Ularning muammosi aslida u qadar murakkab emas. Faqat mas’ullar o‘z ishiga vijdonan yondoshsa, har bir yigit-qiz ko‘ngliga quloq tutib, istagini aniqlansa kifoya. Yaqinda 36 nafar yoshlarni yangi ishga tushgan investisiya loyihalariga ishga joylashtirdik. Qisqa fursatda dastgoh bilan ishlaydigan mohir ustaga aylandi. Bu sektor ishida mehnat qilayotgan har birimizning yutug‘imiz.

– Sektor faoliyati bilan tanishar ekanmiz, Prezident ilgari surgan besh muhim tashabbusga ham alohida e’tibor qaratishingiz sezildi. Shu haqida ham qisqacha to‘xtalsangiz.

– San’atga, adabiyotga mehr qo‘ygan inson jinoyatga qo‘l urmaydi. Hayotiy tajribam orqali shunga amin bo‘lganman. Tumanimiz hokimi ijoddan uzoq bo‘lmagan, ta’lim-tarbiyaga e’tiborli inson. O‘tgan o‘quv yilida tumandagi 56 ta umumta’lim maktabi uchun 115 ta cholg‘u asboblari ajratdik. Natijada, 6 ming 800 nafar yoshlarni turli ijodiyot to‘garaklariga jalb qilish imkoniyati tug‘ildi. E’tiborlisi, qisqa vaqt ichida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ko‘rsatkichi o‘tgan yilga nisbatan 10 taga kamaydi.

Hududimizda stol tennisi to‘garagi faoliyat yuritadi. Ushbu dargohda tarbiyalanayotgan sportchi qizlar uchun raketka yetishmayotgan ekan. Homiylarni ishga soldik. Xalqaro standartdagi sport jihozlari olib berildi. Oradan ko‘p o‘tmay tarbiyalanuvchi qizlarning ikki nafari O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. To‘g‘ri, ularning yutug‘i bitta raketkaga qarab turgan emas. Lekin yoshlarga qaratilgan ozgina e’tibor, rag‘bat ular uchun katta motivasiya berishi shubhasiz.

– Tashabbusning beshinchisi xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashga aloqador ekani sir emas. “Qo‘lbosti” mahallasida ehtiyojmand ayollarni jamlagan tikuv syexi tashkil etilibdi. Bu qaysidir ma’noda yangi tajriba, nazarimizda...

– Avvalo, “Ayollar daftari”ga izoh bersam. Hududda istiqomat qilayotgan 581 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar ro‘yxatga olingandi. Bugungi kungacha 335 nafari ishga joylashtirish orqali daftardan chiqarildi. Qolganlari, nogironligi bo‘lgan ayollar yoki qaramog‘ida nogiron farzandi bor onalardir. Ularning 53 nafariga 980 ming, 29 nafariga 735 ming, 4 nafariga 490 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam berildi. Bundan tashqari, 46 nafar xotin-qizlarga tikuv mashinasi, 14 nafariga pishiriq pechi, 2 nafar bemor ayolning turmush o‘rtog‘iga motokultuvator ajratdik. Qolgan 8 nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun imtiyozli kredit oldi.

Siz aytgan tikuvchilik syexi Qo‘lbosti mahallasi binosida joylashgan. Bu yerda 15 ta tikuv mashinasi o‘rnatilib, qishloq ayollarining bandligi ta’minlandi. Yana 35-umumta’lim maktabining bo‘sh turgan binosidan ham unumli foydalanyapmiz. Yaqinda qolipli non va poyabzal ta’mirlash shoxobchalarini ham ishga tushirmoqchimiz.

– Aholining obod turmushi albatta, xizmat ko‘rsatish tizimining sifatiga ham bog‘liq. Demoqchimanki, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlagan rahbar yutqazmaydi.

– To‘g‘ri aytdingiz. Shunday tadbirkorlardan biri Qang‘li mahallasida 800 million so‘m kredit va 90 million so‘m o‘z mablag‘i hisobidan 100 o‘rinli bog‘cha qurdi. Qo‘lbostida esa 100 million so‘mlik kredit evaziga hammom foydalanishga topshirildi. Gʻazira va Sariqipchoqda 7 ta tadbirkor tashabbus bilan chiqqan. Ularga 65 million so‘m kredit ajratilishida ko‘mak ko‘rsatdik. Ular tomonidan quyonchilik klasteri tashkil etilyapti.

Ko‘ryapsizmi, to‘g‘ri yo‘nalish berilsa, xalqimiz mehnatkash. Prezidentimiz “Baliq emas, qarmoq berish zarur”, deganda aynan shuni nazarda tutmoqdalar. Buning uchun mas’ullar o‘z ishiga vijdonan yondoshib, xalq ichiga kirishi, aholi bilan hamnafas yashashi kerak.

Jurnalist Adham BERDANOV suhbatlashdi.

2015-2024 © Жомбой туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM