Ta’lim sifati tahlil qilindi
Tuman hokimligida maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari direktorlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Xurshid Nazarov qatnashib, ta’lim tizimidagi mavjud holat va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan tanqidiy-tahliliy fikrlarini bildirdi.
Yig‘ilishda dastlab joriy o‘quv yilining birinchi choragi yakunlari bo‘yicha umumta’lim maktablarining reyting natijalari muhokama qilindi.
Xususan, har bir maktabning 11-sinf o‘quvchilari tomonidan qo‘lga kiritilgan milliy va xalqaro sertifikatlar soni, “Raqamli avlod qizlar” tanlovi, fan olimpiadalari hamda boshqa nufuzli bellashuvlardagi ishtiroki va natijalari, emaktab.uz tizimidagi ta’lim ko‘rsatkichlari hamda arpo.uz platformasidan o‘quvchilarning foydalanish holati tahlil etildi.
Reyting natijalariga ko‘ra, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 40-maktabga 30 million so‘m, 23-maktabga 20 million so‘m, 56-maktabga esa 10 million so‘m pul mukofoti topshirildi. Shu bilan birga, reytingda past natija qayd etgan ta’lim muassasalari faoliyati ham tanqid ostiga olindi. Ularning rahbarlariga ta’lim sifatini oshirish, ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi. Ayrim mas’uliyatsiz direktorlar esa intizomiy javobgarlikka tortildi.
Yig‘ilish davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 2025-yil yakunlari bo‘yicha faoliyati ham ko‘rib chiqildi. Ularga qamrov darajasini oshirish, tarbiyalanuvchilarning ovqatlanish ratsioniga alohida e’tibor qaratish zarurligi qat’iy tushuntirildi.










