insurez
23-09-2025 12:05

Sudlar faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi


“Sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishning ustuvor maqsadlari belgilandi.

         Xususan, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, sudlar faoliyatiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish hamda Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish shular jumlasidan.

Shuningdek, sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha “Kiber huquq” yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish, iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, qolaversa, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.

2025-yil yakuniga qadar, tajriba tariqasida Toshkent shahrida “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida iqtisodiy, fuqarolik va maʼmuriy nizolarni ko‘rishga mo‘ljallangan sud majlisi zallari tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Uning qabul qilinishi natijasida odil sudlovga erishish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining ortiqcha ovoragarchiliklarini oldini olish, pirovardida esa aholini davlatdan roziligiga erishish demakdir.

Navbahor TURSUNOVA,

Jomboy tumanlararo

iqtisodiy sudi raisi.

Teglar
- -