insurez
29-05-2025 18:30

O‘zbekiston va Italiya – strategik sherik


Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni ayni paytda mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Samarqand shahri mezbonlik qilgan tadbirda yuqori darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Xususan, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjat – “Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida”gi qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Mazkur deklaratsiya ikki tomonlama munosabatlarni siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar sohalarda yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Jorja Meloni o‘zaro ishonch va samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Tashrif doirasida ikki tomonlama muhim hujjatlar imzolandi va rasmiy ravishda almashildi. Ular quyidagi sohalarni qamrab oldi:

•  Savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish;

•  Energetika va sanoat hamkorligi;

•  Ta’lim va fan sohasida tajriba almashish;

•  Turizm va madaniyat aloqalarini rivojlantirish.

Mazkur tashrif va uning natijalari O‘zbekistonning Yevropa bilan strategik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ochiq tashqi siyosatining yana bir amaliy ifodasidir.

Risolat Ochilova,

tuman kengashi deputati.

Teglar
- -