insurez
21-10-2025 10:41

O'zbek tili bayrami kuni muborak bo'lsin!


Til — bu millatning ruhi, qalbning oynasi, el-yurtning shonu sharafidir. U orqali xalq o‘z o‘tmishi va kelajagi bilan bog‘lanadi, tarixini xotirlaydi, madaniyatini asraydi va avloddan avlodga uzatadi. Shu bois biz “til” so‘ziga “ona” so‘zini qo‘shib aytamiz.

Ona tilini asrash bu faqatgina tilshunos yoki ziyolilarning emas, balki har bir yurtdoshimizning muqaddas burchidir. Unga muhabbat qo‘yish — Vatanga muhabbat qo‘yish demakdir.

 

So‘nggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida o‘zbek tilining nufuzini oshirish va qo‘llanilish sohasini kengaytirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, so‘nggi 8 yillikda bu borada aniq qadamlar tashlandi. 2019-yilda 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb e’lon qilindi. Davlatimiz rahbari 2020-yil 23-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidan boshlab, barcha xalqaro anjumanlarda o‘zbek tilida nutq so‘zlay boshladi. 2021-yilda esa davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.

Bugungi kunda ona tilimizni xalqaro maydonda ham qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va ommalashtirishga e’tibor qaratilyapti. Ko‘plab xorijiy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili kafedralari faoliyat yuritmoqda, elektron va lingvistik resurslar yaratilmoqda. Bu tilimizning nafaqat milliy, balki madaniy diplomatiya vositasi sifatidagi ahamiyatini ham oshirmoqda.

 

Biz buyuk ajdodlarimizning til borasidagi merosini faxr bilan tilga olamiz. XV asrdayoq buyuk mutafakkir va shoir Hazrat Alisher Navoiy o‘zining “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida o‘zbek tilining boy va go‘zal ekanligini ilm bilan isbotlab bergan. U kishi “Tilga ixtiyorsiz, elga e’tiborsiz”, deb bejiz aytmaganlar. Bu ibora bugun ham yuksak ma’no va da’vatni o‘z ichiga olgan qimmatli hayotiy shiordir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, “O‘zbek tili — xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik va buyuk qadriyat”dir. Demak, uni asrash, rivojlantirish, avlodlarga sof va go‘zal holda yetkazish barchamizning umumiy burchimizdir.

 

Hurmatli tumandoshlar, aziz hamyurtlar!

Sizlarni “21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni” bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Bu sana — faqat bayram emas, balki milliy g‘ururimiz va iftixorimiz ramzidir.

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va barokat, yangi yutuqlar tilayman. Ona tilimizning chiroyi va go‘zalligi dunyodagi barcha tillar orasida yorug‘ yulduzdek porlab tursin!

Xurshid NAZAROV,
Jomboy tumani hokimi.

 

Teglar
- -