Obod qishloqda bahor nafasi
Sarqipchoq mahallasi so‘nggi kunlarda obodonchilik markaziga aylangan. Infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash hamda mahallani “Og‘ir hudud” toifasidan chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti. Jarayonda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ommaviy sport musobaqalari o‘tkazish ham belgilangan.
El-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan taniqli ustozlar ishtirokida o‘tkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvi”ning maqsadi ham shunda. Navbatdagi tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchilar uyushmasi a’zosi Gulchehra Jamilova ishtirok etdi.
Ustoz yoshlarga Sarqipchoq mahallasi tarixi haqida ma’lumot berdi. Ulug‘ ajdodlar boshlagan yo‘lni munosib davom ettirish yoshlarning muqaddas burchi ekanini ta’kidladi.
Madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar, Vatan, bahor mavzularini madh etuvchi she’rlar barchaga manzur bo‘ldi.
Milliy urf-odatlarni faol targ‘ib qilgan nuroniylar, sport musoboqasida ishtirok etgan g‘olib yoshlar homiylar tomonidan rag‘batlantirildi.