insurez
11-03-2025 16:52

Maqsad xalqimiz farovonligini oshirish, ushbu mas’uliyatdan bo‘yin tovlaganlar kechirilmaydi


Tuman hokimi Xurshid Nazarov tegishli mas’ullar hamrohligida hududlarda amalga oshirilayotgan obodonchilik ishlari bilan tanishdi. Jarayonda yo‘l chetlari obodligi, tomorqa maydonlaridan foydalanish samaradorligi, ariq-zovurlarni qazish, qishloq xo‘jaligida mavsum yumushlarini bajarish, ko‘chat ekishni sifatli tashkil qilish kabi masalalar tahlil qilindi. 

Dastlab M-39 xalqaro avtomobil yo‘li bo‘ylab amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. Qayd etish joizki, o‘tgan safargi o‘rganishda qator mahallalar, ijtimoiy soha obyektlari obodonchiligi tanqid qilinib, mas’ullar oldiga aniq vazifalar belgilangandi. O‘rganilganda ayrim rahbarlar xulosa qilmagani, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani oydinlashdi. Bu esa jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Xususan, Dehqonobod oilaviy poliklinikasi, 1-son politexnikumi hovlisi, shuningdek, “Jomboy tuman gaz” ta’minot bo‘limiga biriktirilgan hududlar obodonlashtirilmagan. Daraxtlarga shakl berish, oqlash, ko‘chat ekish ishlari qoniqarsiz. Ushbu tuzilma rahbarlari qat’iy ogohlantirilib, intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanishi belgilandi. 

Kun davomida Qoramo‘yin, Ko‘kgumbaz, G‘azira, Sarqipchoq, Qo‘ng‘irot, Qo‘lbosti, Polvonariq, Nogahon, Sherqo‘rg‘on, Naymantepa, Juriyat, Qang‘li, Xitoypoyon, Shirinkent mahallalarida o‘rganish o‘tkazildi. Mahalla yettiligi bilan suhbat davomida ularning ish samaradorligi tahlil qilindi. Aksar hududlarda tomorqa madaniyati ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi. Vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan hokim yordamchisi va soliq inspektorlari ogohlantirilib, intizomiy jazo qo‘llanishi belgilandi.

Shuningdek, ilg‘or tomorqachilar tajribasini ommalashtirish, ularga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
 

Teglar
- -