Mahalliy sanoatni rivojlantirish — barqaror iqtisodiyot va keng ish o‘rinlari kafolati
2025-yil 26-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda bugungi global iqtisodiy murakkab sharoitlarda mamlakatimiz oldida turgan dolzarb vazifalar va ularning amaliy yechimlari muhokama qilindi.
Bugun dunyo iqtisodiyotida kuzatilayotgan notinchliklar va tebranishlar har bir davlatni ichki imkoniyatlarga tayanishga, birinchi navbatda eng ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlashga undamoqda. O‘zbekistonda ham bu jihat e’tibor markazida bo‘lib, Prezident tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar va amaliy choralar mahalliy ishlab chiqarishni kuchaytirish, eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, mamlakatimizda to‘qimachilik, qurilish materiallari sanoati va mebelsozlik kabi sohalarda 1 millionga yaqin fuqaro mehnat qilmoqda. Bu sohalar nafaqat iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari, balki aholi bandligini ta’minlashda ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
📌 O‘zbekiston paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri sifatida to‘qimachilik sanoatida ulkan salohiyatga ega. So‘nggi yillarda paxtadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan zanjirni yaratish orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarilib, ichki va tashqi bozorlarga taklif etilmoqda. To‘qimachilik korxonalaridagi zamonaviy texnologiyalar, yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlari ushbu sohaning istiqbolini yanada oshirmoqda.
📌 Qurilish sohasi barcha iqtisodiy islohotlarning tayanch sohasi hisoblanadi. Mahalliy xomashyo asosida sement, gisht, oyna, izolyatsiya vositalari kabi qurilish materiallarini ishlab chiqarish orqali import o‘rnini bosish va eksport hajmini ko‘paytirish mumkin. Bu sohadagi har bir investitsiya yaratilgan yangi zavod va fabrikalar orqali yuzlab ish o‘rinlariga sabab bo‘lmoqda.
📌 Mebelsozlik – ishlab chiqarishda kichkina bizneslar uchun eng maqbul yo‘nalishlardan biri. Unda hunarmandchilik an’analari, zamonaviy dizayn va mahalliy materiallardan foydalanish orqali katta iqtisodiy qiymat yaratish mumkin. Ayniqsa, turizm va uy-joy qurilishidagi o‘sish mebel mahsulotlariga talabni keskin oshirmoqda.
🔹Yig‘ilishda ta’kidlangan muhim jihatlardan biri — mahalliy sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlashda davlat tomonidan beriladigan moliyaviy imtiyozlar, soliq va bojxona yengilliklari, kreditlar, eksportni rag‘batlantirish dasturlari samaradorligini oshirish zarurligi bo‘ldi. Shuningdek, yangi loyihalarni mahallalarda amalga oshirish, ular orqali qishloq va tumanlardagi ishsizlik muammosini bartaraf etish muhim vazifa sifatida ko‘rsatib o‘tildi. 26-maydagi videoselektor yig‘ilishi mahalliy sanoatni rivojlantirish masalasiga davlat darajasidagi yetarlicha e’tibor qaratilayotganini yana bir bor namoyon etdi. Bu esa nafaqat milliy iqtisodiyot barqarorligi, balki aholining munosib daromad manbaiga ega bo‘lishi, mahallalarda iqtisodiy faollik yuzaga kelishi va umumiy turmush darajasining yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Xalq deputatlari Jomboy tumani Kengashi
Kotibyati mudiri J.Jumanov