insurez
12-11-2025 16:16

Konstitutsiyaviy taraqqiyot – qadimiy tajribadan zamonaviylik sari


Har bir xalqning kelajagi uning Konstitutsiyasida aks etadi, ¬degan fikr bejiz emas. Chunki Konstitutsiya — bu millatning sha’ni, or-nomusi va ertangi kuniga bo‘lgan ishonchidir. Ayniqsa, Yangi O‘zbekiston sharoitida qabul qilingan Konstitutsiya inson qadr-qimmati, erkinlik va adolat tamoyillariga tayanib, jamiyatimizni yangi bosqichga olib chiqayotgan tarixiy hujjatga aylandi.
Bugun fuqarolarimizni demokratiya, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari atrofida birlashtirayotgan Konstitutsiya mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning qaytarilmas kafolatiga aylanmoqda.


Insoniyat tarixida konstitutsiyaviy g‘oyalar qadim yunon va rim davrlaridayoq paydo bo‘lgan. Ammo hozirgacha amal qilib kelayotgan birinchi yozma konstitutsiya — 1787-yil 7-dekabrda Delaver shtati tomonidan ratifikatsiya qilingan AQSh Konstitutsiyasi hisoblanadi. Yevropada esa 1791-yilda Polsha-Litva Hamdo‘stligi Konstitutsiyasi ilk yozma qomus sifatida tarixda muhim o‘rin egallagan.
O‘zbekistonda esa konstitutsion rivojlanish yo‘li 1937-yil 14-fevralda qabul qilingan O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi bilan boshlandi. 1978-yil 19-aprelda yangilangan tahrir qabul qilindi. 1990-yil 20-iyunda esa O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida “Suverenitet Deklaratsiyasi” e’lon qilinib, mustaqil davlat asoslarini belgilashga yo‘l ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida ishlab chiqilgan milliy Konstitutsiya 1992-yil 8-dekabrda qabul qilinib, mustaqil O‘zbekiston tarixida yangi davrni boshlab berdi.

Xalq ishtirokida yaratilgan tarixiy hujjat

2023-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda keng qamrovli konstitutsiyaviy islohotlar boshlandi. 14-mart kuni boshlangan bu jarayon 30-aprel kuni umumxalq referendumi bilan yakunlanib, xalqimiz o‘z irodasi bilan yangilangan Konstitutsiyani qabul qildi.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, u ilk bor fuqarolik jamiyati institutlari, mutaxassislar, yoshlar, ayollar va jamoatchilikning bevosita ishtiroki bilan amalga oshirildi. Loyihani tayyorlashda BMT, YEXHT, SHHT, YeI kabi xalqaro tashkilotlarning hujjatlari o‘rganildi, 193 mamlakat konstitutsiyalari tahlil qilindi.
Natijada, yangilangan Konstitutsiyada moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar esa 275 tadan 434 taga ko‘paydi. Eng muhim o‘zgarish — “davlat-jamiyat-shaxs” tamoyilining o‘rniga “shaxs-jamiyat-davlat” yondashuvi kiritildi. Bu esa inson qadr-qimmatini oliy qadriyat sifatida e’tirof etish, inson manfaatini davlat siyosatining markaziga qo‘yish demakdir.

O‘zbekiston — ijtimoiy davlat

Yangi Konstitutsiyada O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida e’tirof etilib, davlat zimmasiga keng miqyosdagi ijtimoiy majburiyatlar yuklatildi. Jumladan:
fuqarolarning bandligini ta’minlash va qashshoqlikni kamaytirish;
bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich kasb-hunar ta’limini kafolatlash;
maxsus ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish;
aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash;
eng kam ish haqini munosib turmush darajasidan past bo‘lmagan miqdorda belgilash;
pensiya va nafaqa miqdorini minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligini ta’minlash kabi bandlar mustahkamlab qo‘yildi.
Bu o‘zgarishlar davlatning inson sha’ni, huquq va farovonligini ta’minlashga qaratilgan yangicha siyosatidan dalolat beradi.
Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi — bu xalq irodasi bilan yaratilgan, inson qadr-qimmatini eng oliy qadriyat sifatida tan olgan hujjatdir. U nafaqat bugunning, balki kelajak avlodlarning farovon hayoti, demokratik qadriyatlar va huquqiy davlat barpo etish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Zafar Xaqimov,
Tuman hokimligi bosh yuriskonsulti.

Teglar
- -