Jomboyda shamol stansiyasi quriladi
Mamlakatimizning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida “yashil” energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, 2026-yilga borib, O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hajmi 8 ming megavatga yetkaziladi va ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalariga to‘g‘ri keladi. Bu yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
2024-yil 7-may kuni “Samarqand va Jizzax viloyatlarida quvvati 250 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini hamda havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish (alpha) investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingan edi. Unga asosan Bulung‘ur, Jomboy va Payariq tumanlari, shuningdek, Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani hududidan o‘tgan G‘o‘bdin tog‘ tizmasida quvvati 500 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish boshlandi.
– Hozirda uchta tumanda ham shamol stansiyalari va havo elektr tarmoqlarini qurish ishlari olib borilmoqda, – deydi “Universal Energy” kompaniyasi mutaxassisi Behruz Ismoilov. – Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida bu hududlarda 80 ta shamol turbinasi o‘rnatiladi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun dastlab gidrometrologik machtalar qurishga yer maydonlari hozirlandi.
Qurilish obyektlarida yer osti tayanch ustunlari o‘rnatilib, yo‘l qurilmoqda. Shuningdek, turbinalar tayanchi uchun xandaqlar, omborxona va boshqa qo‘shimcha binolarning poydevori qazilmoqda. Bunyodkorlik ishlari aniq loyihalar asosida xitoylik malakali mutaxassislarning tavsiyasi bilan amalga oshirilmoqda. Energetika vazirligi bilan shamol elektr stansiyasi hamda havo elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha koordinatalarni belgilash boshlangan.
Joriy yilning fevral oyida loyiha doirasida jami 7 ta gidrometrologik machta o‘rnatilgan bo‘lib, ular orqali yil davomida jamlangan barcha ma’lumotlar tahlil qilinib, qayerda, nechta va qancha quvvatga ega shamol turbinalari qurilishi belgilab olinadi. Shamol stansiyalarini o‘rnatish 2026-yil I choragidan boshlanadi.
Dilmurod TO‘XTAYEV.




