Jomboy tumani prokurorining aholiga MUROJAATI
Assalomu alaykum! Hurmatli Jomboy tumani aholisi va tumanimiz mehmonlari !
Bugungi kunda, Yurtboshimiz tomonidan asos solingan taraqqiyotimizning yangi bosqichida jamiyatda adolatni qaror toptirish, qonuniylikni mustahkamlash hamda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha keng qamrovli va misli ko‘rinmagan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu islohotlarning tub mohiyati avvalo inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, xalqimizning tinchligi hamda osoyishtaligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilgan.
Islohotlarning natijadorligini xalqimizning tinch
va osuda hayot kechirishini ta’minlashda huquq tartibot idoralarining zimmasida katta mas’uliyat borligini ham chuqur his qilamiz.
Shunga ko‘ra, Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha PQ-1-sonli va PQ-111-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash, Siz azizlarni jinoyatlardan jabrlanib qolish ehtimolingizni oldini olish maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyat yuzasidan navbatdagi murojaatimni yo‘llamoqdaman.
Joriy yilning 8 oyida 341 (2024 yilning 8 oyida 228 ta) ta jinoyatlar hisobga olinib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 113 taga yoki 57,3 foizga oshgan.
Mazkur jinoyatlarning 186 tasi profilaktika qilingan taqdirda oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni tashkil etadi.
Oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning 2 tasi og‘ir tan jarohati yetkazish, 7 tasi o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish 3 tasi nomusga tegish, 1 tasi talonchilik, 26 tasi o‘g‘irlik, 61 tasi firibgarlik, 5 tasi bezorilik, 1 tasi avtomashinani olib qochish, 14 tasi tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlardir.
Eng ko‘p jinoyatlar tumanimizdagi “Qo‘rg‘onsalamon”, “Samarqand”, “Tut”, “Toshkent”, “No‘sh”, “Guliston” va “A.Qurbonov” mahallalari hududida sodir etilib, ushbu mahallalar “QIZIL” toifaga tushgan.
Afsuski, tumanimizda ham ayrim oilalarda kelishmovchilik, o‘zaro hurmatsizlik, sabrsizlik oqibatida nizolar va zo‘ravonlik holatlari kuzatilmoqda.
Ko‘plab jinoyatlar va huquqbuzarliklar aynan oila doirasida - eri xotiniga, ota farzandiga, aka - uka va opa - singillar bir biriga nisbatan sodir etayotgan jismoniy yoki ruhiy tazyiq, haqorat, urish - janjal shaklida namoyon bo‘lmoqda.
Bu holatlarning aksariyati esa turmush tarzidagi muammolar, ichkilikbozlik, ishsizlik, huquqiy savodsizlik, psixologik zo‘riqishlari oqibatida yuzaga kelayotgani sir emas.
Shuni qat’iy ta’kidlash kerakki, har qanday oilaviy zo‘ravonlik – bu jinoyatdir!
Bu kabi holatlar nafaqat jabrlanuvchi shaxsga, balki butun oila a’zolariga, ayniqsa, voyaga yetmagan farzandlarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘z yaqinlari qo‘lidan jabrlangan farzandlar jamiyatga ishonchsiz, tajovuzkor, ruhiy muvozanatsiz bo‘lib voyaga yetadi. Bunday salbiy holatlar esa jamiyatning ertangi kelajagiga bevosita tahdid soladi.
Shuni unutmasligimiz kerakki, jinoyat sodir bo‘lgach emas, uning oldini olish - eng muhim vazifa bo‘lishi kerak.
Shu boisdan barcha fuqarolarni, ayniqsa mahalla faollari, xotin - qizlar va yoshlar yetakchilarini oilalarda sog‘lom muhitni yaratish, muammoli holatlarni erta aniqlash va hal etishda faol bo‘lishga, har bir holatga befarq bo‘lmaslikka chaqiramiz.
Qadrli tumanimiz aholisi!
Ushbu kunda barchangizning e’tiboringizni bir jihatga qaratmoqchiman, ishonchim komilki ushbu murojaatimiz Sizlarni
befarq qoldirmaydi.
Ma’lumki keyingi paytlarda ko‘plab fuqarolar kiber makonda firibgarlar tuzog‘iga tez-tez tushmoqda, oqibatda qancha mehnat orqasidan yig‘ilgan va bank plastik kartasiga o‘tkazilgan pullardan bir soniyada mahrum bo‘lmoqda.
Albatta, huquq tartibot organlari tomonidan jabrlanuvchilarning murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda, biroq ayrim hollarda fuqarolarimizning o‘z mulkiga e’tiborsizligi, yolg‘onlarga ishonuvchanligi, ba’zida esa axborot texnologiyalar sohasida birlamchi bilimlarning yetishmasligi qonunbuzarlarga qarshi kurash samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Misol uchun, joriy yilning o‘tgan davrida kiber yo‘nalishida jami 179 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ushbu jinoyat ishlarining 91 tasi firibgarlik, 88 tasi o‘g‘irlik jinoyatlarini tashkil etadi.
Hurmatli tumandoshlar!
Yana bir muhim masala yo‘llarda harakat vaqtida “Yo‘l harakati qoidalari”ga rioya qilishingizni, yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tmaslikni, ayniqsa maktab, bog‘cha va ta’lim muassasalari oldida tezlik uchun belgilangan cheklovlarga qat’iy rioya qilishingizni so‘raymiz.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki:
Avvalo o‘zingizni va oila a’zolaringizni asrash, ularga g‘amxo‘rlik qilish, farzandlar uchun sog‘lom muhit yaratish – bu nafaqat insoniy burch, balki yuksak huquqiy mas’uliyatdir.
Zero barchamiz birgalikda qonun buzilishlarga qarshi murosasiz kurashsak, qonunlarga hurmat bilan yondashsak, har bir muammoni muloqot, sabr va maslahat orqali hal qilsak shundagina jamiyatimizda tinchlik, osoyishtalik va adolat qaror topadi.
Oila – muqaddas qadriyat. Uni asrash barchamizning burchimizdir!
E’tiborlaringiz uchun rahmat!
Nodirbek QODIROV,
Jomboy tuman prokurori