Jomboy jinoyatchilikdan holi hudud bo‘lishi kerak
Joriy yil 3-yanvar kuni “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingandi. Unga ko‘ra, hududlarda kriminogen vaziyat tanqidiy tahlil qilinib, qayta ko‘rib chiqilishi, “Xavfsiz ko‘cha” va “Xavfsiz yo‘lak” tamoyillari amaliyotga tatbiq qilinishi, buning uchun mahallalar shaxsni identifikatsiyalash imkonini beradigan zamonaviy kuzatuv moslamalari bilan jihozlanishi belgilangan.
Qaror ijrosini to‘laqonli ta’minlash maqsadida tumanimizda aniq reja asosida ishlar boshlangan. Xususan, ichki ishlar bo‘limida situatsion markaz ishga tushirilishi, barcha videokuzatuv qurilmalarini integratsiya qilinishi rejalashtirilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi, holatini o‘rganish maqsadida tuman prokuraturasida tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi. Tuman hokimi Xurshid Nazarov, tuman prokurori Nodirbek Qodirov, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i O‘ktam Xoliqov ishtirok etgan tadbirda hukumat topshiriqlari ijrosi muhokama etildi. Mas’ullarga ish faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.