Jadidlar izidan intilgan yoshlar
Qariyb yuz yil avval mintaqamiz ijtimoiy-siyosiy manzarasi butkul o‘zgacha, xalq hayoti og‘ir, ilmsizlik haddan ziyod darajaga yetgan, mustamlakachilarning zulmi esa tobora ortib borardi. Ana shunday vaziyatda millatni uyg‘otish, ozodlik va ilm yo‘li bilan saodatga yetaklash maqsadini ko‘zlagan fidoyilar maydonga chiqdi. Bugun ularni jadidlar deymiz.
Darhaqiqat, jadid bobolarimiz o‘z davrining ilg‘or fikrli, pok e’tiqodli, millatsevar insonlari bo‘lishgan. Ularning hayot yo‘li, faoliyati bugungi avlod uchun mayoqdir.
Bobolarimizning xizmatlari bugun tan olinmoqda, ular yaratgan adabiyot milliy madaniyatimizning muhim tarkibiy qismi sifatida o‘rganilyapti. O‘nlab kitoblar, turli asarlar nashr etilmoqda, ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, asrlar davomida hurfikr bobolar orzusi ham bugungi Yangi O‘zbekiston misolidagi barqaror davlat, jips va ahil jamiyat bunyod etish edi.
Umumta’lim maktablarida “Jadidlar izidan” nomli ma’rifiy tanlovlar o‘tkazilayotgani bejiz emas. Shunday tadbirlarning navbatdagisi 31-umumta’lim maktabida yuqori saviyada o‘tdi. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Ma’rufjon Rasulov tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlov o‘quvchilar bilimini mustahkamlash, ularni rag‘batlantirish maqsadini ko‘zlaydi.
Shuningdek, jadid bobolarimiz intilib kelgan ezgu g‘oyalar haqida batafsil ma’lumot berishga qaratilgani ahamiyatlidir. Tanlovda faol ishtirok etgan 6-sinf o‘quvchilari Amina Abdurashidova, Nigina Abduqahhorova, Diyora Jo‘raboyeva, Sabina Ne’matullayeva hamda Sabina Ziyodullayeva tshkilotchilar tomonidan mukofotlandi.
O‘quvchi-yoshlar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.