Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati aholi tomonidan baholanadi
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini aholi tomonidan baholash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Unga muvofiq, vakolatli organlar tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarining sifati, samaradorligi va natijadorligi aholi tomonidan baholanadi. Baholashda bir nechta asosiy mezonlar inobatga olinadi. Jumladan, xizmat ko‘rsatish sifati — ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab xizmat yakunlanguniga qadar bo‘lgan jarayonga berilgan umumiy bahoni anglatadi. Unda xizmatning qay darajada ko‘rsatilgani, xodimlarning bilim va malakasi, ortiqcha byurokratiya va sansalorlik holatlarining mavjud yoki mavjud emasligi hisobga olinadi.
Shuningdek, xizmatning o‘z vaqtida ko‘rsatilgani mezoni orqali arizalarni ko‘rib chiqishda qonunchilikda belgilangan muddatlarga rioya etilgani baholanadi. Xizmatdan foydalanish imkoniyati esa davlat xizmatlari ko‘rsatish joyining qulayligi, barcha zarur sharoitlar, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan imkoniyatlar, elektron xizmatlardan foydalanish hamda ariza ko‘rib chiqilish jarayonini kuzatish imkoniyatlarini qamrab oladi.
Nizomga ko‘ra, davlat xizmatidan foydalangan shaxslar xizmat yakunlangach, vakolatli organlarda joylashtirilgan maxsus QR-kod orqali yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda uning mobil ilovasi orqali xizmat sifatini 1 dan 5 gacha baholashi va o‘z fikr-mulohazalarini qoldirishi mumkin. Davlat xizmatlari markazlaridagi o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish burchaklari orqali ham baholash imkoniyati yaratilgan.
Baholash jarayonining xolisligini ta’minlash maqsadida bir ariza bo‘yicha bir necha marotaba baho berish avtomatik tarzda cheklanadi. Qoldirilgan 3 yoki undan past baholar hamda salbiy izohlar avtomatik ravishda vakolatli organlar va Adliya vazirligiga yuboriladi.
Mazkur holatlar asosida davlat xizmatlari sifatini yaxshilash choralari ko‘riladi. Shuningdek, mas’ul xodimlar ishtirokida o‘quv-seminarlar va treninglar tashkil etiladi hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Adliya vazirligiga axborot taqdim etiladi. Agar baholash natijalari yaxshilanmasa, vazirlik tomonidan mas’ul xodimlarni davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonidan chetlashtirish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.
Agar qoldirilgan baho yoki fikrlar asossiz deb topilsa, vakolatli organlar bu haqda asoslantiruvchi hujjatlar bilan vazirlikni xabardor qiladi.
Shohruh HAYDAROV,
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.




