insurez
23-09-2025 12:13

Bugun kurashishga kech emas!


Ko‘cha-kuyda yoshlarning qo‘lida sigareta yoki biror tamaki mahsulotlarini ko‘rsak bamaylixotir o‘tib ketaveramiz. Bizga zarari tegmasa bo‘ldida! Ochig‘i, bugungi kunda yoshlar orasida tarqalayotgan illatlar, afsuski, dolzarb muammodek ko‘rinmay qo‘ygan.

Bundan besh-o‘n yillar avval qizlarning kalta yupka, tor shim kiyishi ham odat tusiga kirgandek, bugun biz ham yuqoridagi illatga e’tiborsiz bo‘lib qolganimiz rost.

 

Yaqinda bir jurnalist bilan gaplashib qoldim. Bugun tahriryatga odob-axloq haqida ko‘plab qo‘lyozmalar kelayotgani ammo bular mushtariylar uchun qiziq emasligi haqida aytib qoldi.

 

Nahotki, ko‘ra-bila turib indamasak? Nima bizni bunchalik befarq qilmoqda? Mas’uliyat qayerda qoldi?

Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarni iste'mol qilish tobora ortib bormoqda. Qolaversa, giyohvandlik va psixotrop moddalarni iste’mol qilish holatlari ham ko‘paygan. Yuqorida sanalayotgan illatlar biz bilganlarimiz xolos.

 

Bundan tashqari, yoshlar orasida jinoyatchilik, zo‘ravonlik, o‘g‘irlik, munofiqlik, yolg‘onchilik, xudbinlik, hasadgo‘ylik va boshqa illatlar ham uchraydi.

 

Shu kabi illatlar girdobida qolib ketgan, buning natijasida jinoyatchiga aylanib qolgan yoshlardan so‘ralganda birgina sabab – sog‘lom oilaviy muhitning buzilganini aytishadi.

 

Ota tayinli daromad manbasiga ega emas, onaning topgani ro‘zg‘ordan ortmaydi. Tag‘in, ikki kunning birida otaning mast holatda uyga kelib janjal qilishi… ochig‘i, hammasi shunchalari chalkashib ketganki, qaysi biri haqida gapirishni bilaysan, kishi!

Bir tomondan oilada otaning ro‘li yoqolib borayotgani ham bor gap.

 

Darhaqiqat, bugun axborot asrida yashayapmiz. Kompyuter o‘yinlariga va internetga qaramlik yoshlar orasida tobora ortib bormoqda. Bu illat ularning vaqtini behuda sarflashga, o‘qishga va boshqa muhim ishlarga e’tibor bermaslikka olib keladi. Internetga qaram yoshlar ko‘pincha ijtimoiy hayotdan uzilib qolishadi, depressiyaga tushishadi va sog‘lig‘ini yomonlashtirishadi.

 

Oilada to‘ldirilmagan ma’naviy bo‘shliq mana qayerdan to‘ldirilmoqda?!

Shuni tan olib aytishimiz keraki, bugun aksariyat ziyoli qatlam – biz ham farzandlarimizning qo‘l telefonida nima borligini bilmaymiz. Ularni doimiy nazorat qilmaymiz. Sanasak, bu kabi sabalarni ko‘plab keltirishimiz mumkin. Ammo amaliy harakatga o‘tish vaqti keldi.

Biz kurashmasak, jamoatchilik nazorati oshirilmasa, kelgusi besh yillikda bugun illat sanayotgan holatlar odat tusiga kiradi. Kurashishga kech bo‘ladi.

Guli IBRAGIMOVA,

tuman kengashi deputati.

Teglar
- -