insurez
01-11-2025 17:38

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam olish tartibi qanday?


Ijtimoiy tarmoqlarda aholining eng ko‘p muhokama qilayotgan mavzularidan biri — kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam, ya’ni “bola puli” tayinlash masalasi bo‘lib qolmoqda. Aksariyat hollarda arizalar turli sabablarga ko‘ra rad etilayotgani fuqarolarni tashvishga solmoqda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, kimlarga “bola puli” to‘lanadi va nima sababdan ayrim arizalar rad etiladi? “Bola puli” nega chiqmayapti?

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, oila “kam ta’minlangan” deb e’tirof etilishi uchun oiladagi har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlaridan oshmasligi kerak.

Bugungi kunda minimal iste’mol xarajatlari miqdori 669 ming so‘m etib belgilangan.

Masalan, oilada 4 nafar a’zo (er-xotin va ikki nafar farzand) bo‘lsa, faqat er ishlaydi va 2 million so‘m maosh olsa, oilaning umumiy daromadi 4 ga bo‘linadi. Bu 500 ming so‘mni tashkil etadi va 669 ming so‘mdan kam bo‘lgani sababli, bunday oila kam ta’minlangan hisoblanadi hamda unga bolalar nafaqasi tayinlanadi.

Biroq bu holatda oilaning boshqa daromad manbalari bo‘lmasligi hamda nizomda ko‘rsatilgan rad etilish sabablari mavjud bo‘lmasligi shart.

Qachon “bola puli” rad etiladi?

Nizomning 20-bandiga muvofiq, quyidagi holatlarda “bola puli” tayinlanmaydi:

Agar ariza beruvchi oilasining o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan oshsa;

Oila a’zolari nomida bir nechta ko‘chmas mulk, yer uchastkasi yoki daromad keltiruvchi inshoot mavjud bo‘lsa;

Ishlab chiqarilgan muddati 12 yildan oshmagan yengil avtomobil (nogironligi bo‘lgan shaxs uchun — 7 yilgacha), 15 yildan oshmagan yuk mashinasi, yoki ikki va undan ortiq transport vositasi bo‘lsa;

Oila a’zolarining bank hisobvarag‘ida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiq mablag‘ yoki qimmatli qog‘ozlar mavjud bo‘lsa;

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olayotgan fuqarolar tomonidan takroriy ariza belgilangan tartibda topshirilmasa;

Shuningdek, oilada ishsizlik nafaqasi olayotgan a’zolar mavjud bo‘lsa yoki oxirgi 12 oy davomida ish takliflarini ikki martadan ortiq rad etgan, olti oy davomida ish izlamagan, o‘zini o‘zi band qilmagan yoki jamoat ishlarida qatnashmagan mehnatga layoqatli shaxs bo‘lsa, ariza avtomatik tarzda rad etiladi.

Ariza rad etilganda nima qilish kerak?

Bunday hollarda arizachiga “Yagona reyestr” tizimi orqali SMS yoki elektron pochta orqali xabar yuboriladi. Rad etilish sababi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimida ko‘rsatiladi. Fuqarolar o‘z murojaatlari bo‘yicha izohlarni mahalla fuqarolar yig‘inlari yoki kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi orqali olishlari mumkin.

Xurshid MUSAYEV,
tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi.

Teglar
- -