Samarqand delegatsiyasi Antaliya shahri mezbonlik qilayotgan xalqaro qishloq xo‘jaligi seminarida ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmali tadbir davomida sitrus va mahalliy meva-sabzavotlarni parvarishlash, hosildorlikni oshirishda zamonaviy yondashuvlar muhokama etilyapti. Agrotexnologik uskunalar, bio-kimyoviy o‘g‘itlash metodikasi yuzasidan fikr almashilmoqda. Bu borada turk-o‘zbek tajribasini uyg‘unlashtirish, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsad qilingan.
Seminar ishtirokchilari tarkibida Jomboy tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akbar Ikromov ham bor.
– Mamlakatimiz rivojlanishning yangi bosqichiga kiryapti, – deydi A.Ikromov. – Prezidentimiz ilgari surayotgan yangi tamaddun – uchinchi renessans g‘oyasi ham har bir sohaga ilmiy yondashishni, eng ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etishni taqazo qiladi. Bundan qishloq xo‘jaligi tarmog‘i mustasno qolishi mumkin emas. Ushbu tadbirda ishtirokimizning bosh maqsadi shunga qaratilgan.
Xalqaro seminar 28-noyabrga qadar davom etadi.