
Kitob – ma’naviy ustoz. Insoniyat tamadduni, aql-u, zakovati unda mujassam. Keyingi yillarda mamlakatimizda mutolaa madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.
Tumanimizda o‘tkazilgan navbatdagi tadbir aynan kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ko‘zi ojizlar jamiyati tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimizning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salimjon Doniyorovga bergan intervyusi hamda so‘nggi yillarda imkoniyati cheklangan shaxslarga qo‘shimcha imtiyozlar berishga doir Prezident qaror va farmonlari jamlangan brayl yozuvidagi kitoblar taqdimot qilindi.
Ko‘zi ojizlar jamiyati viloyat bo‘limi mutasaddilari, 59-sonli maxsus maktab-internati ustozlari, ijodkor-ziyolilar, jamoatchilik vakillari qatnashgan taqdimotda tuman hokimi Qayum Sobirov so‘zga chiqdi. Ilm-ma’rifat tarqatish, kitobxonlik targ‘ibotida jamiyat a’zolarinin sa’y-harakatlarini e’tirof etdi.
Tadbir ishtirokchilariga nodavlat-notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti hisobidan nashr etilgan kitoblar sovg‘a qilindi.