
Iordaniyada o‘tgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari 6 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, birinchilikni egallashdi. G‘oliblar orasida tumanimiz vakili Navbahor Hamidovaning ham borligi har birimiz uchun faxr-iftixordir.
Osiyo chempioni o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloqda munosib kutib olindi. Tadbirda tuman hokimi va sektor rahbarlari, nuroniylar va faol yoshlar qatnashdi.
Tuman hokimi Qayum Sobirov so‘zga chiqib, yurtimiz shon-shavkatini xalqaro darajada yuksaltirayotgan farzand tarbiyasi uchun champion qizning ota-onasiga minnatdorchilik bildirdi. Tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ma’lumot uchun, Navbahor Hamidova 2001-yilda, Sarichashma mahallasida tug‘ilgan. Qozog‘iston, Belorus, Mongoliya, Bolgariya, Serbiya va Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan xalqaro musobaqalar g‘olibi. 2018-yildan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi.
Osiyo chempionatining finalida Janubiy Koreya vakili Choi Xongeunga qarshi munosib raqiblik qildi. 66 kilogramm vazn toifasida 5:0 hisob bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.