insurez
07-03-2026 15:31

Zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalarni qo‘llab-quvvatlash tartibi belgilandi


Hukumat qarori bilan “Zo‘ravonlikdan jabrlangan, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar hamda ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlarni tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizom zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki shunday xavf ostida qolgan bolalar hamda ularning oilalariga ijtimoiy yordam ko‘rsatishning aniq mexanizmlarini belgilab beradi. Unga ko‘ra, bunday bolalar va ularning oilalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar maxsus himoya qilish rejasi asosida amalga oshiriladi. Ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar va ularning oilalari uchun esa individual integratsiya rejasi ishlab chiqilib, ular bilan manzilli va tizimli ish olib boriladi.

Qarorda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun ko‘rsatiladigan xizmat turlari ham belgilab berilgan. Xususan, 6 oygacha bo‘lgan muddatga qisqa muddatli ijtimoiy xizmatlar, 1 yilgacha davom etadigan uzoq muddatli xizmatlar hamda 1 yilgacha tun-u kun ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar tashkil etilishi nazarda tutilgan. Bu esa bolalarning ehtiyojidan kelib chiqib, ularga turli shakldagi yordam ko‘rsatish imkonini beradi.

Shuningdek, qarorga muvofiq bolalar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mehrli oila” xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur xizmat oilalardagi ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, bolalarning xavfsiz va sog‘lom muhitda ulg‘ayishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ijtimoiy xizmat ko‘rsatish istagini bildirgan yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda yuridik shaxslar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimidagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchilarning yagona reyestriga kiritilishi lozim. Buning uchun “Ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali so‘rovnoma to‘ldiriladi va u 10 ish kuni ichida belgilangan talablarga muvofiq ko‘rib chiqiladi.

Talablarga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarda kamida ikki nafar psixoijtimoiy mutaxassis faoliyat yuritishi, ularning ish tajribasi va tibbiy ma’lumotnomasi mavjud bo‘lishi shart. Bundan tashqari, xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan binolarda sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilinishi ham muhim shartlardan biri hisoblanadi.

So‘rovnoma tasdiqlanganidan so‘ng talabgor yagona reyestrga kiritiladi va bu haqda elektron tarzda xabar beriladi.

Shohruh HAYDAROV,
yuridik xizmat ko‘rsatish 
markazi bosh yuriskonsulti.

Teglar
- -