insurez
05-02-2026 13:52

Zarnigor astronom bo‘lmoqchi


“Barkamol avlod” bolalar ijodiyot maktabida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida yoshlarning zamonaviy ilm-fan, xususan, sun’iy intellekt sohasiga bo‘lgan qiziqishi yaqqol namoyon bo‘lgandi. Tadbir davomida bir guruh iqtidorli yoshlar ushbu yo‘nalishni rivojlantirish, uni yanada chuqurroq o‘rganish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surgan edi.

Mazkur muloqotning mantiqiy davomi sifatida, 20-umumta’lim maktabida iqtidorli yoshlar bilan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Unda tuman hokimi Xurshid Nazarov ishtirok etib, yoshlarning fikrlari, g‘oya va takliflarini tingladi.

— Bu sohani tumanimizda rivojlantirish juda muhim. Zarur yordam bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashga tayyorman, — dedi hokim.

Shuningdek, sohaga qiziquvchi yoshlarni birlashtiruvchi maxsus “startap guruh” tashkil etish belgilandi. Ushbu guruh a’zolariga tajribali soha mutaxassislari tomonidan amaliy va nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirildi.

Uchrashuvda 4-umumta’lim maktabining o‘quvchisi Zarnigor Egamberdiyeva o‘zining katta orzulari bilan barchaning e’tiborini tortdi. U kelajakda astronom olima bo‘lishni maqsad qilgani, hozirda koinot sirlarini o‘rganish bilan shug‘ullanayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, Zarnigor yorug‘lik tezligida harakatlanuvchi vaqt mashinasini yaratish g‘oyasi ustida izlanayotganini ham ta’kidladi.

Tuman hokimi yosh iqtidor egasining fikrlarini qiziqish bilan tinglab, uning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, soha bo‘yicha professor-o‘qituvchilar bilan hamkorlikda ishlash taklifini bildirdi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning orzu va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Teglar
- -