Yo‘l transport hodisalari ortmoqda: Ayb yoshlardami?
So‘nggi paytlarda yo‘l transport hodisalari tufayli jabrlanganlar va vafot etganlar sonining ortishi jamoatchilikni tashvishga solmoqda.
Yaqinda tuman markaziy shifoxonasi qarshisidagi yo‘lning piyodalar o‘tish yo‘lagida bir nuroniy onaxon ikki nabirasini yetaklab olib o‘tarkan, ikki ko‘zi qo‘l telefonida. Vaholanki, svetaforning piyodalar uchun yashil chirog‘i yongani yo‘q edi.
Bu kabi misollarni ko‘plab keltirishimiz, tag‘in hammasiga yoshlarni e’tiborsizligi, yo‘llarda qo‘l telefonidan muntazam foydalanishini iddao qilamiz.
Afsuski, bu boradagi aybni ko‘pincha yoshlar zimmasiga yuklashga urinishlar kuzatilmoqda. Bir qaraganda bu gapda ham jon bor, ammo ularga o‘rnak bo‘layotgan biz kattalar emasmi?
Ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil davomida 9 ming 364 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilgan. Natijada 2 ming 203 kishi vafot etgan.
Afsuski, hodisa natijasida vafot etganlar soni ham ortib bormoqda. Bu raqamlar yoshi kattalarning yo‘llardagi mas’uliyatsizligi oqibatida nafaqat o‘z hayotini, balki boshqalarning ham hayotini xavf ostiga qo‘yayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Nega bunday bo‘lmoqda?
Albatta, yoshlar ham yo‘llarda xatolarga yo‘l qo‘yadi. Biroq, yoshi kattalar ko‘pincha tajriba va bilimga tayangan holda qoidalarni buzish, o‘ziga ishonch orttirish natijasida yuzaga keladi.
Ular yo‘l harakati qoidalarini pisand qilmaslik, boshqalarning huquqlarini hurmat qilmaslik oqibatida jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutib qo‘yishadi.
Bundan tashqari, ular ko‘pincha tibbiy ko‘rikdan o‘tishga e’tibor bermaydi, ko‘rish qobiliyati va reaksiyasi yoshga bog‘liq holda pasayishini inobatga olmaydi. Natijada, yo‘llarda xavfli vaziyatlar yuzaga kelganda to‘g‘ri qaror qabul qilishga ulgurmaydi.
Aholi o‘rtasida yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib qilish, qoidalarga rioya qilish madaniyatini shakllantirish zarur. Buning uchun jazolarni kuchaytirish, ayniqsa, spirtli ichimlik ta’sirida transport vositasini boshqarganlik, tezlikni me’yoridan oshirganlarga jazoni og‘irlashtirish lozim.
Kuzatuv kameralarining sonini ko‘paytirish va qoidabuzarliklarni aniqlash uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish zarur. Haydovchilarning, ayniqsa, yoshi kattalarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini majburiy qilish va ko‘rish qobiliyati, reaksiyasi kabi muhim ko‘rsatkichlarni tekshirish zarur.
Xulosa qilib aytganda, yo‘llardagi xavfsizlikni ta’minlash - butun jamiyatning vazifasi. Shundagina biz yo‘llarda inson hayotini saqlab qolishga erishamiz.
Nodira BARATOVA,
xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.