Xavfsizlik bugundan boshlanishi kerak
Jinoyatchilikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyati hisoblanadi. Ana shu ezgu maqsad yo‘lida tuman hokimligida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, giyohvandlikka qarshi kurashish hamda ishsizlikni kamaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbir avvalida tuman hokimi Xurshid Nazarov so‘zga chiqib, jinoyatchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik, mahallalarni xavfsiz hududga aylantirish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.
— Tumanimizda jinoyatchilik umuman sodir bo‘lmasligi kerak. Buning uchun tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yib, barcha mas’ullar hamjihatlikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi zarur. Bejizga “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” deyilmagan, — dedi hokim.
Yig‘ilish davomida mas’ul idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi, jinoyatchilikning oldini olishda mahalla institutining o‘rni va hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda prokuror, ichki ishlar bo‘limi, soliq inspeksiyasi, davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi rahbari hamda mahalla yettiligi vakillari ishtirok etdi.




