insurez
30-12-2025 20:17

Sun’iy intellekt davlat xaridlariga kirib kelmoqda


Davlat xaridlari sohasida ochiqlikni ta’minlash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda korrupsiyaviy omillarni kamaytirishga qaratilgan navbatdagi muhim hujjat qabul qilindi. Prezidentimizning “Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

Unga muvofiq, 2026-yil 1-martdan davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida davlat xaridi predmetining o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt texnologiyalari asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi. Bu xarid jarayonlarida narxlarning shaffofligini ta’minlashga va asossiz xarajatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan davlat xaridlarida raqobatli usullar yanada kengaytiriladi. Ayrim turdagi tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilishda “taklif so‘rovi” deb nomlangan yangi tartib-taomil joriy etiladi.

Farmon bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshiriladigan xaridlar ham qayta ko‘rib chiqildi. Endilikda bunday shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar, ishlar va xizmatlar ro‘yxati bekor qilinib, mazkur xaridlar faqat raqobatli usullar orqali amalga oshiriladi. Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat beruvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat xaridi ijrochisining nomi aniq ko‘rsatilishi majburiy etib belgilandi.

Bundan tashqari, davlat xaridlarida elektron do‘konga ofertalarni joylashtirish muddati 15 kundan 60 kungacha uzaytiriladi, tovarlarni yetkazib berishning eng kam muddati esa kamida 5 kun etib belgilanadi.

Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazida xarid hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlari ularning qiymati va murakkabligidan kelib chiqib optimallashtiriladi.

 

Shohruh HAYDAROV,
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi 
bosh yuriskonsulti.

Teglar
- -