“Shirin tashvish”dan voz kechaylik
Shu kunlarda to‘y dabdabasi mavzusidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinmoqda.
Nuroniylar ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik haqida gapirsa, jamoatchilik vakillari to‘y tashvishlarini qisqartirish haqida bong uradi. Ammo… ammo, amalda hech narsa bo‘layotgani yo‘q.
Kuz kelishi bilan to‘lar mavsumi boshlanadi. Mevalar pishiqchiligida kimdir o‘g‘lini uylantirsa, kimdir bolasiga xatna to‘y qiladi. Biz aytayotgan pishiqchilik mavsumi to‘y mavsumi o‘laroq narxlar arzonlashishiga emas, aksincha keskin ko‘tarilayotgan holatlarni namoyish etmoqda.
Qaysi bir kun shaxsiy mashinamda tumanimizdagi dehqon bozoriga bordim. Mashinalar buyoqda tursin, odamlarga joy yo‘q. Meva-sabzavot, qand-qurs rastalari odam bilan to‘lgan.
Hali bu to‘yning bir qismi, biz hali mebel, gilam, parda, kuyov-kelin uchun liboslar olish, katta-kichik marosimlar o‘tkazish haqida to‘xtalmadik…
Oliy majlis palatalarining ayni to‘ylarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shma qarori qabul qilindi. Bu ijobiy holat.
Yaqinda bir uylanish yoshidagi yigit bilan shu masalada gaplashib qoldik.
– Qaror qabul qilingani yaxshi bo‘ldi, ammo ijrosi qanday bo‘larkan? – deydi u. – Uch yil musofirlikda ishlab kelgan pullarimni bir kunda havoga uchirib yubormoqchi emasman.
“Istaymizmi-yo‘qmi, atrofimizdagi bachkana to‘ylarning muallifi ayollar bo‘lib qolmoqda. Ba’zi ayollarning hashamatli to‘y orzusi ularni muhojirlikka undamoqda”, degan edi Xurshida Ernazarova. To‘ylardagi dabdababozlikka to‘xtalar ekanmiz, jurnalistning fikri qanchalar asosli ekanligini angalymiz.
Bu borada jiddiy o‘ylab qarash kerak. Rostdan ham, ortiqcha dabdaba kimga kerak? Ochig‘i, biz kattalar bu orada muhim qadamni tashlashimiz, “shirin tashvish” deya o‘zimizga tasalli berishdan chekinishimiz lozim.
Muhimi, to‘y tadbiri yangi oilaning haqiqiy hissiyotlarini aks ettirishi hamda baxtli lahzalarni yaratishi va albattad bu ortiqcha dabdabaga asoslanmagan bo‘lishi kerak.
Nodira BARATOVA,
Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati