insurez
11-11-2025 18:19

Shaxsiy xavfsizligingizni asrang!


Assalomu alaykum, hurmatli jomboyliklar va tumanimiz mehmonlari!

Bugun sizlarga tumanimizdagi kriminogen vaziyat bo‘yicha navbatdagi profilaktik ogohlantirishni taqdim etamiz. Maqsadimiz – aholini jinoyatlardan ogohlantirish va ularni huquqbuzarlikdan himoya qilishdir.

Darhaqiqat, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida tumanda jami 326 ta jinoyat qayd etilgan. Shundan, 106 tasi tashabbus orqali aniqlangan, 199 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan, 83 tasi mahalla hududida, 21 tasi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlar hisoblanadi.

Olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida mahallalarda jinoyatlar kamaydi. Tumanimizdagi 38 ta mahallaning 14 tasida jinoyatlar sezilarli darajada kamaygan, 7 tasida esa jinoyatlar umuman sodir bo‘lmagan. Shu bilan birga, 5 ta mahalla “qizil” toifaga kirgan bo‘lib, ularda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 26,3% ni tashkil etdi.

Shu o‘rinda aytish joiz, oktabr oyida tuman hududida jami 64 ta jinoyat sodir bo‘lgan. Ulardan 10 tasi o‘g‘irlik, 9 tasi firibgarlik, 8 tasi yo‘l-transport hodisalari, 7 tasi bezorilik, 4 tasi tan jarohatlari bilan bog‘liq, qolganlari boshqa turdagi jinoyatlardir.

 

Aziz yurtdoshlar!

Hozirgi vaqtda shaxsiy hayot daxlsizligini buzish bilan bog‘liq jinoyatlar oshib bormoqda. Shu bois bank kartangizning raqami va PIN-kodini hech kimga bermang.

Telegram va boshqa messenjerlar orqali keladigan soxta xabarlar va APK ilovalarga ishonmang. Notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lsa yoki shaxsiy ma’lumotlaringiz so‘ralsa, darhol bankning ishonch telefoniga murojaat qiling.

Aholi va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari birgalikda jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashsak, tumanimizni jinoyatdan holi hududga aylantirishimiz mumkin.

 

Hurmatli tumandoshlar!

O‘zingizni va oilangizni asrang, farzandlar uchun sog‘lom muhit yarating. Bu nafaqat insoniy burch, balki yuksak huquqiy mas’uliyatdir. Qonunlarga hurmat bilan yondashib, muammolarni muloqot va maslahat orqali hal qilganimizda jamiyatimizda tinchlik, osoyishtalik va adolat qaror topadi.

Nodirbek QODIROV,
tuman prokurori.

Teglar
- -