insurez
25-04-2025 16:55

Sessiyada prokuratura axboroti taqdim etildi


Xalq deputatlari tuman kengashining VII chaqiriq, 12-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etildi.

Qayd etilishicha, tuman porokuraturasi tomonidan 2024-yil hamda joriy yilning o‘tgan davrida 718 ta nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 1206 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari tiklangan.

Prokuror qarori va taqdimnomasi asosida 128 nafar mansabdor shaxslar intizomiy, 120 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Noqonuniy hujjatlarga 80 ta protest kiritilib, 22 tasi bekor qilingan, 47 tasi qonunga muvofiqlashtirilgan. 

O‘tkazilgan tekshiruv va tergov jarayonida 3 milliard 999 million so‘mlik zararlar undirilgan. Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 65 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, jazo muqarrarligi ta’minlangan.

Tadbirda 2023-yil 31-yanvarda qabul qilingan “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi ham ko‘rib chiqildi. 

Ta’kidlanishicha, joriy yil tumanimiz aholisining tadbirkorlik maqsadlarini amalga oshirish uchun 11,2 milliard so‘m kredit ajratilishi belgilangan. O‘tgan 4 oyda 391 nafar fuqaroga 5,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Deputatlar adliya bo‘limi hamda tibbiyot birlashmasi faoliyati, “Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsum g‘olib loyihalarini moliyalashtirish, homiylik manbalaridan foydalanishga oid qaror loyihalarini ham ko‘rib chiqishdi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Samadjon Saidov qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari – qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i lavozimiga, Mahmud Abdurahimov qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlandi.

Teglar
- -