insurez
30-12-2025 20:26

QQS tushumlarining bir qismi endi mahalliy budjetlarda qoladi


 

Mahalliy budjetlar moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, budjet intizomini kuchaytirish hamda hududlarning iqtisodiy mustaqilligini oshirishga qaratilgan muhim hujjat qabul qilindi. Prezidentimizning “Mahalliy budjet lar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori shu maqsadga xizmat qiladi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) tushgan mablag‘larning bir qismi bevosita mahalliy budjetlarga yo‘naltiriladi. Xususan, Toshkent shahri mahalliy budjetiga QQS tushumlarining 5 foizi, qolgan hududlar mahalliy budjet lariga esa 20 foizi o‘tkazilishi belgilandi.

Shuningdek, mahalliy budjetlarga kelib tushadigan QQS, foyda solig‘i, benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilishda to‘lanadigan aktsiz solig‘i, davlat boji, jarima va yig‘imlar hisobidan tuman (shahar)lar budjetlariga ajratmalar me’yorlari belgilanadi.

Qaror bilan xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga ham qo‘shimcha vakolatlar berildi. Endilikda alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun, shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqi uchun undiriladigan yig‘imlarning cheklangan stavkalarini 20 foizgacha oshirish mumkin bo‘ladi. Ushbu yig‘imlardan tushgan mablag‘lar to‘liq tuman va shaharlar budjet larida qoldiriladi.

Bundan tashqari, mahalliy budjetlar uchun qo‘shimcha daromad manbalari ham belgilandi. Jumladan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishdan avval davlat budjetiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar endi tegishli tuman va shaharlar budjetlariga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, dehqon bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlaridan respublika budjetiga tushadigan soliqlar ushbu bozorlar joylashgan hududlarda sohani rivojlantirish hamda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida tuman (shahar)lar budjetlariga o‘tkaziladi.                                                                  

Sherzod ABDURAHMONOV,

yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti.

Teglar
- -