insurez
07-03-2026 18:10

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi yangi tizim asosida nazorat qilinadi


“Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmon imzolandi.

Mazkur hujjat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash, erishilgan natijalarni chuqur tahlil qilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Unga muvofiq, strategiya doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini baholashning aniq mezonlari ishlab chiqiladi. Bunda hozirga qadar qo‘lga kiritilgan yutuqlar, mavjud kamchiliklar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar hisobga olinadi. Shuningdek, strategiya maqsadlariga erishish jarayonini monitoring qilish tizimi to‘liq raqamlashtiriladi.

Raqamli platformada strategiya maqsadlari ijrosi uch toifada baholanadi. Birinchisi “yashil” toifa bo‘lib, bunda belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlariga o‘z vaqtida va to‘liq erishilgan holatlar aks etadi. Ikkinchisi “sariq” toifa. Bu holatda ko‘rsatkichlarga erishishda ma’lum kechikishlar mavjud bo‘ladi, biroq ularni bartaraf etish imkoniyati saqlanib qoladi. Uchinchi toifa “qizil” bo‘lib, unda ko‘rsatkichlarga erishishda jiddiy kechikishlar kuzatilgan yoki umuman natija qayd etilmagan bo‘ladi.

Shuningdek, “yashil” toifaga kiritilgan ko‘rsatkichlar uchun mas’ul idoralar rag‘batlantiriladi. “Sariq” toifadagi holatlarda esa kechikish sabablari batafsil tahlil qilinib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli idoralarga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur topshiriqlar beriladi. Agar ko‘rsatkichlar “qizil” toifaga tushib qolsa, mas’ul tashkilotlar faoliyati Vazirlar Mahkamasi rayosatida tanqidiy muhokama qilinadi.

Sherzod ABDURAXMONOV,
yuridik xizmat ko‘rsatish 
markazi bosh yuriskonsulti.

Teglar
- -