Osoyishtalikni asrash o‘zimizdan boshlanadi
Jomboy tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Sherzod Qo‘ziyevning tumanidagi kriminogen vaziyat holati yuzasidan aholiga murojaati.
Assalomu alaykum, aziz tumandoshlar!
Aholining tinch va osoyishta hayoti, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash har bir davlat taraqqiyotining muhim mezonidir. Bugungi kunda Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda jamoat xavfsizligini mustahkamlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan PQ–1-sonli qaror ijrosi doirasida tumanda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. “Mahalla yettiligi” faoliyati kuchaytirilib, huquqbuzarlikka moyil shaxslar bilan manzilli ishlash, jamoatchilik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil davomida tumanda jinoyatchilikning oldini olish borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, 12 oy yakuniga ko‘ra sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilga nisbatan 64,1 foizga oshgani barchamizni hushyorlikka chorlaydi. Ayniqsa, axborot texnologiyalaridan foydalanilgan firibgarlik jinoyatlarining ko‘payayotgani tashvishli holatdir.
So‘nggi paytlarda ko‘plab fuqarolar internet firibgarlarining aldovlariga uchrab, bank plastik kartalari va shaxsiy ma’lumotlarini oshkor etishi oqibatida moddiy zarar ko‘rmoqda. Shuningdek, uy-hayvonlarini qarovsiz qoldirish holatlari sababli o‘g‘irlik jinoyatlari ham uchramoqda.
Shu munosabat bilan fuqarolarni kiberxavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga, shubhali havolalar va ilovalardan foydalanmaslikka, noma’lum shaxslarga pul o‘tkazmaslikka hamda o‘z mol-mulkiga mas’uliyat bilan qarashga chaqiramiz. Bolalarning internetdagi faoliyatini nazorat qilish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Aziz yurtdoshlar!
Xulosa qilib aytganda, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan profilaktik tadbirlarda faol bo‘lishingizni, qonunlarga rioya etib, huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda ish olib borishingizni so‘raymiz.




