Mahallalar infratuzilmasi “yashil” texnologiyalar asosida rivojlanadi
“2026–2028 yillarda Oʼzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Unga muvofiq, kelgusi uch yilda infratuzilma rivojining ustuvor yo‘nalishlari sifatida bir qator muhim vazifalar belgilandi. Jumladan, qurilish obyektlarini loyihalash jarayonida “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Shuningdek, ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari uchun 150 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Qarorda ekologik barqarorlikka alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, dastur doirasida yangidan boshlanadigan qurilish obyektlarini loyihalashda energiya tejovchi texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda ekologik toza, yuqori energiya samaradorligiga ega qurilish materiallaridan foydalanish majburiy etib belgilandi. Ushbu talablar inobatga olinmagan loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmaydi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan boshlab loyiha qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 6 ming barobaridan yuqori bo‘lgan, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish-ta’mirlash loyihalari Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladi.
Mazkur qaror hududlar, ayniqsa mahallalarda infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish va aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Islom JO‘RAQULOV,
yuridik xizmat ko‘rsatish
markazi boshlig‘i.




