Kelajak kasblari ta’limdan boshlanadi
20-umumta’lim maktabida informatika fani o‘qituvchilari uchun amaliy seminar tashkil etildi. Unda tumandagi barcha maktablarda faoliyat yuritayotgan fan o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Seminar davomida ta’lim jarayonini zamon talablariga moslashtirish, o‘quvchilarga raqamli texnologiyalar va zamonaviy kasblarni o‘rgatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirda tuman hokimi Xurshid Nazarov ham qatnashib, bugungi kunda yoshlarni kelajak kasblariga yo‘naltirish, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanishni o‘rgatish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, seminarda sun’iy intellektdan ta’lim jarayonida foydalanish, o‘qituvchilarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish zarurligi qayd etildi. Tadbir ishtirokchilari informatika fanini o‘qitishda innovatsion yondashuvlar va zamonaviy platformalardan foydalanish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashdi.








