insurez
07-03-2026 17:54

Ayol deputatlar e’tirof etildi


Bugungi kunda davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni tobora ortib bormoqda. Ular nafaqat oila farovonligi, balki jamiyat taraqqiyoti yo‘lida ham fidokorona xizmat qilmoqda. Yurt ravnaqi uchun erkaklar bilan yelkama-yelka mehnat qilayotgan ayollar orasida xalq ishonchini oqlab, muammolarga yechim izlayotgan deputatlar ham bor.

Xalq deputatlari tuman kengashida faoliyat yuritayotgan ayol deputatlar ham xalq dardi bilan yashab, ularning turmush sharoitini yaxshilash, muammolarini o‘rganish va yechim topish yo‘lida tinimsiz mehnat qilmoqda. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ana shunday jonkuyar deputatlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi Xurshid Nazarov deputatlik faoliyatining naqadar mas’uliyatli ekanini alohida ta’kidladi. U deputatlik faqatgina maqom emas, balki xalq oldidagi yuksak mas’uliyat ekanini qayd etdi.

Shuningdek, tuman kengashi kotibiyati mudiri hamda kengashdagi doimiy komissiya raislari ham so‘zga chiqib, ayol deputatlarning tuman taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi, aholi bilan olib borayotgan ochiq muloqotlari, xotin-qizlar, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslarini alohida e’tirof etdi.

Tadbir yakunida deputatlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Teglar
- -