Tibbiyotni raqamlashtirish nima beradi?
Bugun hayotimizda “teletibbiyot” so‘zi ko‘p uchray boshladi, lekin bu tushuncha ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lib, u haqida yetarlicha tasavvurga ega emasmiz. Aslida teletibbiyot raqamlashtirish jarayonining hayotimizdagi barcha jabhaga, jumladan, tibbiyotga ham kirib kelgani tasdig‘idir.
Raqamli texnologiyalardan keng foydalanish sog‘liqni saqlash tizimini jadal rivojlantirayotgan asosiy omillardan bo‘lib, ko‘plab mamlakatlarda ommalashmoqda. Teletibbiyot tufayli aholining vaqti, moddiy resurslari tejaladi. Uyida o‘tirib klinikani, shifokorni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, tibbiy xizmatlardan teng va oson foydalanadi. Boshqacha aytganda, teletibbiyot tibbiy xizmatlarni zamonaviy texnik va telekommunikasiya vositalari orqali masofadan turib olishdir. Onlayn telediagnostika yurtdoshlarimizga uyi dan chiqmasdan turib eng ilg‘or mahalliy va xorijiy ekspertlar maslahatini olish imkonini beradi. Natijada bemorlarning vaqti va mablag‘i tejalib, yo‘lkira va boshqa qiyinchiliklardan qutuladi.
Har qanday sohadagi, jumladan, teletibbiyotdagi munosabatlar ham huquqiy tartibga solinishga muhtoj. Tibbiyot huquqi hozirgi yurisprudensiyaning jadal rivojlanayotgan tarmog‘i bo‘lib, sog‘liqni saqlash bo‘yicha barcha munosabatlarni huquqiy tartibga solishni nazarda tutadi. Shu ma’noda, teletibbiyot tibbiyot huquqining tartibga solish predmetidir. Hozirga qadar ko‘plab davlatlarda teletibbiyot to‘g‘risida qonunlar qabul qilingan. Yurtimizda ham teletibbiyotni tartibga soluvchi maxsus qonunni qabul qilish davlat dasturida aks ettirilgan. Shu o‘rinda teletibbiyot to‘g‘risidagi qonun mamlakatimiz uchun nimaga kerak, degan savol tug‘ilishi mumkin. Birinchi navbatda, qonun teletibbiyotga doir murakkab jarayonlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga xizmat qiladi. Huquq ustuvorligini ta’minlaydi. Teletibbiyot jarayonidagi barcha ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
Mamlakatimizda teletibbiyot xalqaro miqyosda tan olingan olim, akademik Malika Abdullaxo‘jayevaning sa’yharakati tufayli faol rivojlana boshladi. 2000-yillarning boshida u birinchi bo‘lib Respublika patologoanatomiya markazida teletibbiyot laboratoriyasini ochdi va shu yerda butun mamlakat aholisi uchun onlayn diagnostikani yo‘lga qo‘ydi. O‘sha yillari u nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyodagi ilk teletibbiyot laboratoriyalaridan edi. Malika Abdullaxo‘jayeva boshchiligidagi bir guruh olimlar tomonidan ilk marotaba “Teletibbiyot to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan va muhokamaga qo‘yilgan.
Tibbiyot tizimini raqamlashtirish nafaqat yurtimiz, balki har qanday davlat uchun xos bo‘lgan qator muammolar, ayniqsa, qishloq joylarda sifatli tibbiyotning mavjud emasligi masalasini hal qilish uchun keng maydon va imkoniyat ochadi. Bu borada AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstraliya, Gresiya, Irlandiya, Ispaniya, Kanada, Fransiya, Shvesiya, Shveysariya kabi davlatlar ancha ilg‘or. Shuningdek, Rossiya, Ukraina, Belarus, Moldova, Gruziya, Armaniston, Qozog‘istonda ham teletibbiyot bo‘yicha ko‘plab loyihalar samarali amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yilda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingani Yangi O‘zbekistonda tibbiyot sohasi rivojida katta qadam bo‘ldi. Konsepsiyada yurtimizda elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish, ya’ni teletibbiyotni rivojlantirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi. Jumladan, teletibbiyot orqali yurtdoshlarimiz barcha tibbiyot muassasalari va ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar to‘g‘risida bemalol axborot olishi, ularni davolaydigan shifokorlar haqida ma’lumotga ega bo‘lishi, hatto qabul vaqtini ham masofadan elektron navbat orqali band qilib qo‘yishi mumkin. Shuningdek, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini, jumladan, tibbiyot xodimlari faoliyatini baholash uchun mobil ilovalar orqali tizimdan foydalanish imkoniga ega.
Teletibbiyot nafaqat aholi, balki tibbiyot muassasalari faoliyatini takomillashtirishga keng imkoniyatlar yaratadi. Masalan, sog‘liqni saqlash sohasida standartlashtirish tizimini amalga oshirish, elektron hujjat bilan ishlashni joriy etish orqali ish jarayoni (tibbiyot kartalari va kasalliklar tarixini to‘ldirish, elektron reseptlar berish), tibbiyot xodimlari, doridarmon, tibbiyot buyumlari va tibbiy texnika, sarflash materiallari hisobi va monitoringini yuritish osonlashadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan teletibbiyot bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, 2020-yil iyun oyida Robert Kox instituti va Berlindagi Sharite klinikasi bilan hamkorlikda ma’lumotlarni to‘g‘ridanto‘g‘ri Germaniyaga uzatuvchi ikki to‘plam teletibbiyot uskunasi xarid qilinib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Zangiota shahridagi 1 shifoxonaga o‘rnatildi. Yutuqlarimizdan yana biri — Germaniyaning GITEC Consulting kompaniyasi ko‘magida 2021-yil avgust oyida Toshkent shahri va sakkizta viloyat orasida MRT tasvirini masofadan turib almashish tizimi ishga tushirildi. Shu bilan birga, YUNISEF bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonning chekka hududidagi tibbiyot muassasalarini teletibbiyot uskunalari bilan jihozlash loyihasi amalga oshirildi. ITMed kompaniyasi tashabbusi bilan Germaniyaning Robert Kox instituti va GIZ xalqaro hamkorlik byurosi bilan birgalikda 2021 yil oktyabr oyidan Farg‘ona viloyati So‘x tumani tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasida teletibbiyot tizimini joriy etish ishlari boshlandi. Mazkur loyiha Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan viloyati va Nukus shahri filiallarida to‘liq ishga tushirilgan.
Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro tajribaga tayangan holda “Teletibbiyot to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish, shunga muvofiq zarur resurslar bilan ta’minlash zarurati yuzaga keldi. Ushbu sa’yharakatlar shaffof va ishonchli tibbiyotni shakllantirish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi va aholi salomatligini huquqiy muhofaza qilishga samarali ta’sir ko‘rsatadi.
Tozagul XOLIQOVA,
tuman tubbiyot birlashmasi boshlig‘i.