Pedagoglarni hayajonga solgan nutq: Prezident chaqirig‘iga labbay deyish vaqti keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining umumiy munozaralarida nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari mamalakatimizda ta’lim tizimida izchil amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
– Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani, yoshlarimizning oliy taʼlim bilan qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetgani qayd etildi. Eng asosiysi – o‘qituvchi va ustozlik kasbining obro‘si va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaralmoqda, – dedi Prezident.
Biz bu nutqni katta qiziqish bilan tingladik. Jahon minbaridan aytilgan ushbu so‘zlar biz qatori yurtimizdagi minglab pedagoglarni hayajonga soldi.
Pedagoglarning obro‘sini oshirish — ta’lim tizimining muhim jihatlaridan biridir. O‘qituvchilar va pedagoglar jamiyatda o‘z o‘rnini, bilim va tajribasini tanitish orqali nafaqat o‘zlarini, balki butun ta’lim sohasini rivojlantirishga hissa qo‘shadilar. Bu borada qilinayotgan va qilinishi lozim bo‘lgan ishlar davlat siyosati dajarasida olib borilayotganini esa yuksak baholash lozim.
Jamiyatda pedagoglarga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirish muhimdir. Bu o‘qituvchilarni qadrlash, ularning mehnatini e’tirof etish va ularga hurmat ko‘rsatish orqali o‘z aksini topmoqda.
Ochig‘ini aytish kerak, bugun hech qaysi bir o‘qituvchi paxta dalasiga chiqayotgani, ko‘cha supurishga yoxud boshqa biror majburiy mehnatga jalb etilayotgani yo‘q.
Shunday ekan bugun har bir pedagogning zimmasiga chanakam mas’uliyat – o‘quvchi-yoshlarga sifatli bilim berish majburiyati yuklanmoqda. Bunda ular o‘z ustilarida muntazam ishlashlari, bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishlari lozim.
Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilayotgan ishonch va yaratilayotgan sharoitlarga munosib natija bilan javob berish kerak.
Xolmurod SHAMANOV,
tuman kengashi deputati,
1-umumta’lim maktabi direktori