insurez
30-09-2025 19:58

Jomboy   tumani   prokurorining   aholiga   MUROJAATI


Assalomu   alaykum!   Hurmatli   Jomboy   tumani   aholisi   va   tumanimiz   mehmonlari !

Bugungi   kunda,   Yurtboshimiz   tomonidan   asos   solingan   taraqqiyotimizning   yangi   bosqichida   jamiyatda   adolatni   qaror   toptirish,   qonuniylikni   mustahkamlash   hamda   inson   huquqlarini   himoya   qilish   bo‘yicha   keng   qamrovli   va   misli   ko‘rinmagan   islohotlar   amalga   oshirilmoqda.

Bu   islohotlarning   tub   mohiyati   avvalo   inson   qadrini   ulug‘lash,   fuqarolarning   konstitutsiyaviy   huquq   va   erkinliklarini   ro‘yobga   chiqarish,   xalqimizning   tinchligi   hamda   osoyishtaligini   ta’minlash,   turmush   farovonligini   oshirishga   qaratilgan.

Islohotlarning   natijadorligini   xalqimizning   tinch  
va osuda hayot kechirishini ta’minlashda huquq tartibot   idoralarining  zimmasida  katta   mas’uliyat   borligini   ham   chuqur   his   qilamiz.

Shunga ko‘ra, Muhtaram Prezidentimizning   mahallalarda   xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha PQ-1-sonli va PQ-111-sonli   qarorlari ijrosini ta’minlash, Siz azizlarni jinoyatlardan  jabrlanib qolish ehtimolingizni   oldini   olish   maqsadida  tumanimizdagi kriminogen vaziyat   yuzasidan   navbatdagi   murojaatimni   yo‘llamoqdaman.

Joriy   yilning   8   oyida   341   (2024   yilning   8   oyida   228   ta)   ta   jinoyatlar   hisobga   olinib,   o‘tgan   yilning   shu  davriga   nisbatan                  113   taga   yoki   57,3   foizga   oshgan.  

Mazkur   jinoyatlarning   186   tasi   profilaktika   qilingan   taqdirda oldi   olinishi   mumkin   bo‘lgan   jinoyatlarni   tashkil   etadi.

Oldi   olinishi   mumkin   bo‘lgan   jinoyatlarning   2   tasi   og‘ir   tan   jarohati   yetkazish,   7   tasi   o‘rtacha   og‘ir   tan   jarohati   yetkazish   3   tasi   nomusga   tegish,   1   tasi   talonchilik,   26   tasi   o‘g‘irlik,                     61   tasi   firibgarlik,   5   tasi   bezorilik,   1   tasi   avtomashinani   olib   qochish,   14   tasi   tan   jarohati   yetkazish   kabi   jinoyatlardir.

Eng ko‘p jinoyatlar tumanimizdagi “Qo‘rg‘onsalamon”, “Samarqand”,  “Tut”,   “Toshkent”,   “No‘sh”,   “Guliston”   va   “A.Qurbonov”   mahallalari   hududida   sodir   etilib,   ushbu   mahallalar   “QIZIL”   toifaga   tushgan.

Afsuski,   tumanimizda   ham   ayrim   oilalarda   kelishmovchilik,   o‘zaro   hurmatsizlik,   sabrsizlik   oqibatida   nizolar   va   zo‘ravonlik   holatlari   kuzatilmoqda.  

Ko‘plab   jinoyatlar   va   huquqbuzarliklar   aynan   oila   doirasida   -   eri   xotiniga,   ota   farzandiga,   aka - uka   va   opa - singillar   bir   biriga   nisbatan   sodir   etayotgan   jismoniy   yoki   ruhiy   tazyiq,   haqorat,   urish - janjal   shaklida   namoyon   bo‘lmoqda.  

Bu   holatlarning   aksariyati   esa   turmush   tarzidagi   muammolar,   ichkilikbozlik,   ishsizlik,   huquqiy   savodsizlik,   psixologik   zo‘riqishlari   oqibatida   yuzaga   kelayotgani   sir   emas.

Shuni   qat’iy   ta’kidlash   kerakki,   har   qanday   oilaviy   zo‘ravonlik   –   bu   jinoyatdir!  

Bu   kabi   holatlar   nafaqat   jabrlanuvchi   shaxsga,   balki   butun   oila   a’zolariga,   ayniqsa,   voyaga   yetmagan   farzandlarning   ruhiyatiga   salbiy   ta’sir   ko‘rsatadi.  

O‘z   yaqinlari   qo‘lidan   jabrlangan   farzandlar   jamiyatga   ishonchsiz,   tajovuzkor,   ruhiy   muvozanatsiz   bo‘lib   voyaga   yetadi.   Bunday   salbiy   holatlar   esa   jamiyatning   ertangi   kelajagiga   bevosita   tahdid   soladi.

Shuni   unutmasligimiz   kerakki,   jinoyat   sodir   bo‘lgach   emas,   uning   oldini   olish   -   eng   muhim   vazifa   bo‘lishi   kerak.

Shu   boisdan   barcha   fuqarolarni,   ayniqsa   mahalla   faollari,   xotin   -   qizlar   va   yoshlar   yetakchilarini   oilalarda   sog‘lom   muhitni   yaratish,   muammoli   holatlarni   erta   aniqlash   va   hal   etishda   faol   bo‘lishga,   har   bir   holatga   befarq   bo‘lmaslikka   chaqiramiz.

Qadrli   tumanimiz   aholisi!

Ushbu   kunda   barchangizning   e’tiboringizni   bir   jihatga   qaratmoqchiman,   ishonchim   komilki   ushbu   murojaatimiz   Sizlarni  
befarq   qoldirmaydi.

Ma’lumki   keyingi   paytlarda   ko‘plab   fuqarolar   kiber   makonda   firibgarlar   tuzog‘iga   tez-tez   tushmoqda,   oqibatda   qancha   mehnat   orqasidan   yig‘ilgan   va   bank   plastik   kartasiga   o‘tkazilgan   pullardan   bir   soniyada   mahrum   bo‘lmoqda.

Albatta,   huquq   tartibot   organlari   tomonidan   jabrlanuvchilarning   murojaatlariga   o‘z   vaqtida   munosabat   bildirilib,   tegishli   choralar   ko‘rilmoqda,   biroq   ayrim   hollarda   fuqarolarimizning   o‘z   mulkiga   e’tiborsizligi,   yolg‘onlarga   ishonuvchanligi,   ba’zida   esa   axborot   texnologiyalar   sohasida   birlamchi   bilimlarning   yetishmasligi   qonunbuzarlarga   qarshi   kurash   samaradorligiga   salbiy   ta’sir   ko‘rsatmoqda.

Misol   uchun,   joriy   yilning   o‘tgan   davrida   kiber   yo‘nalishida   jami   179   ta   jinoyat   ishi   qo‘zg‘atilgan   bo‘lib,   ushbu   jinoyat   ishlarining   91   tasi   firibgarlik,   88   tasi   o‘g‘irlik   jinoyatlarini   tashkil   etadi.  

Hurmatli   tumandoshlar!

Yana   bir   muhim   masala   yo‘llarda   harakat   vaqtida   “Yo‘l   harakati   qoidalari”ga   rioya   qilishingizni,   yo‘lning   belgilanmagan   joyidan   kesib   o‘tmaslikni,   ayniqsa   maktab,   bog‘cha   va   ta’lim   muassasalari   oldida   tezlik   uchun   belgilangan   cheklovlarga   qat’iy   rioya   qilishingizni   so‘raymiz.

Xulosa   o‘rnida   shuni   aytish   lozimki:  

Avvalo   o‘zingizni   va   oila   a’zolaringizni   asrash,   ularga   g‘amxo‘rlik   qilish,   farzandlar   uchun   sog‘lom   muhit   yaratish   –   bu   nafaqat   insoniy   burch,   balki   yuksak   huquqiy   mas’uliyatdir.

Zero   barchamiz   birgalikda   qonun   buzilishlarga   qarshi   murosasiz   kurashsak,   qonunlarga   hurmat   bilan   yondashsak,   har   bir   muammoni   muloqot,   sabr   va   maslahat   orqali   hal   qilsak   shundagina   jamiyatimizda   tinchlik,   osoyishtalik   va   adolat   qaror   topadi.

Oila   –   muqaddas   qadriyat.   Uni   asrash   barchamizning   burchimizdir!

 

E’tiborlaringiz   uchun   rahmat!

 

Nodirbek QODIROV,

Jomboy tuman prokurori

 

Teglar
- -