“Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni tashkil etish jahon hamjamiyatida biz yoshlar uchun yangi sahifa ochadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining umumiy munozaralarida nutq so‘zladi. Unda davlatimiz rahbari yoshlar masalalari bo‘yicha ham to‘xtalarkan, alohida taklifni ilgari surdi.
“Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi o‘sib kelayotgan yosh avlod qo‘lida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi olijanob g‘oyalarni singdirish dolzarb vazifamizdir. Bu borada “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifini ilgari suramiz”, – dedi Prezident.
Taklif yosh avlodning taqdiri va dunyodagi tinchlikni ta’minlashda ularning roli haqida juda muhim va dolzarb hisoblanadi. Bugun bu borada xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish vaqti kelgani davlatimiz rahbari tomonidan dunyo davlatlari rahbarlari qarshisida alohida ta’kidlandi.
Kelgusida, bu mexanizm yoshlarning ongida tinchlik, gumanizm va do‘stlik g‘oyalarini shakllantirish, shubhasiz, jahon miqyosida ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi.
“Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” kabi tashabbuslar yoshlarni birlashtirish, ularning fikrlarini va tashabbuslarini e’tiborga olish, shuningdek, global muammolarni hal qilishda faol ishtirok etish imkoniyatini yaratadi. O‘zbekistonning ushbu harakatning qarorgohi bo‘lishi esa mamlakatning yoshlar siyosati va xalqaro hamkorlikdagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston nafaqat, Markaziy Osiyoda balki, Osiyo mintaqasida o‘ta muhim siyosiy markaz sifatida e’tirof etilmoqda. Bu mamalakatimizning sog‘liqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalarida shuningdek, bag‘rikenglik siyosati izchil amalga oshirilayotgani, shu bilan birga, yoshlar siyosati masalasida keng ko‘lamli ishlar qilingani yuksak baholanmoqda.
So‘nggi yillarda mintaqamizda o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha ko‘paydi. Qo‘shma investitsiya jamg‘armalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil etildi, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bu o‘z o‘rnida mamalakatimiz bunday yirik tuzilmani tashkil etish mumkin bo‘lgan eng yaxshi joy ekanligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, bunday tashabbuslar orqali yoshlar o‘zaro ishonch, hurmat va hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradigan platformaga ega bo‘ladi. Bu nafaqat yoshlar uchun, balki butun jamiyat uchun foydali bo‘ladi.
Yurtimizda bu haratakni tashkil etish jahon hamjamiyatida biz o‘zbek yoshlari uchun yangi sahifa ochadi.
Ziyodulla QURBONOV,
Xalq deputatlari tuman kengashidagi
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi deputatlik guruhi a’zosi,
“Kelajak bunyodkori” medali sohibi