Deputat kuzatmaydi, talab qiladi
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot sari dadil odimlayapti. Bugun mamlakatimizda yuksak maqsadlar, uzoqni ko‘zlagan reja va dasturlar asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil hayotga izchil joriy etilmoqda. Bu ezgu yo‘lda, ayniqsa, mahalliy kengashlar – xalq vakillari faolligi yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Qonunlar – davlatning siyosiy irodasi, xalqning manfaatini ifodalovchi huquqiy vosita. Ammo qonun qabul qilinishi bilan ish tugamaydi. Asosiysi – u hayotda qanday ishlaydi, odamlar uni qanday his qiladi, kundalik turmushga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi? Mana shu savollarga javob beradigan birinchi organ bu – mahalliy kengashlardir. Qonunning ijrosini ta’minlash shunchaki nazorat emas, balki tizimli va harakatga yo‘naltirilgan jarayon. Mahalliy kengash deputatlari joylardagi holatni, xalqning kayfiyatini, muammolarni bevosita ko‘rib turadi. Ular – qonunlarning qog‘ozdagi matnidan real hayotga o‘tishini kuzatuvchi va undagi kamchiliklarni ochiq ayta oladigan vakillar. Masalan, ta’limga oid yangi qonun qabul qilinsa, lekin chekka hududlardagi maktablarda hali darsliklar yoki o‘qituvchilar yetishmasa, qonun amalda ishlamayapti, deganidir. Va bu muammoni birinchi ko‘radigan, tilga oladigan shaxs deputatlar sanaladi.
Har yili O‘zbekistonda yuzlab yirik va kichik dasturlar qabul qilinadi: mahallalarni obodonlashtirish, infratuzilmani yangilash, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi. Biroq, eng yaxshi yozilgan dasturning o‘zi yetarli emas, u hayotga qanday tatbiq etilayotgani muhim.
Bu yerda yana mahalliy kengashlar sahnaga chiqadi. Ular joylardagi vaziyatni o‘rganib, qanday ishlar amalga oshirilayotganini, nima “o‘xshayotgani” va nima muammo bo‘layotganini aniqlaydi. Aytaylik, bir tuman markazida yangi yo‘l qurilishi kerak edi, budjetdan mablag‘ ajratildi, lekin ishlar sust ketmoqda. Deputatlar bu holatni ko‘rib, tegishli idoralardan tushuntirish so‘raydi, kerak bo‘lsa, viloyat kengashida masala ko‘taradi. Ya’ni ular – nazoratchi emas, xalq vakili sifatida natija talab qiluvchi kuchdir.
Har qanday muammo avval oddiy odamlarning hayotiga ta’sir qiladi. Elektr tarmog‘idagi uzilishmi, yo bo‘lmasa ichimlik suvi ta’minotidagi muammomi, bolalar bog‘chasidagi joy tanqisligimi – bularni avval xalq sezadi, keyin esa bu muammolar mahalliy kengash deputatlarining kun tartibiga chiqadi.
Ular xalqning ovozidir. Odamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri deputatga murojaat qiladi, undan javob kutadi. Mahalliy kengashlar esa ijro hokimiyati oldida xalq nomidan masala qo‘yadi, hal qilishni talab qiladi. Bu – demokratik jamiyatda xalq ishtirokining muhim bir ko‘rinishi, davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik vazifasidir.
Jamshid JUMANOV,
tuman kengashi kotibiyati mudiri.