insurez
03-05-2024 16:28

102-sessiya: Murojaatlar ijrosi, kriminogen vaziyat va tuman chegarasiga oid masalalar deputatlar muhokamasida

Xalq deputatlari tuman kengashining 102-sessiyasi o‘tkazildi. Tadbirda kelib tushgan murojaatlar ijrosi tahlili, tashkilot rahbarlarining aholi murojaatlari bilan ishlashdagi mas’uliyati hamda 1-chorak davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi yuzasidan xalq qabulxonasi mudiri Hamza To‘rayev axborot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida ishonch telefoni, veb-sayt va xalq qabulxonasi orqali tumanimiz aholisidan 1518 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 1066 tasi qanoatlantirilgan, 124 tasiga tushuntirish berilgan, 35 tasi uzoq muddatli nazoratga olingan, 7 tasi rad etilgan. Murojaatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 11 foizga ko‘paygan.

Shuningdek, sessiyada jamoat xavfsizligi xizmati tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.

Ochiqlanishicha, birinchi chorakda tumanda 85 ta jinoyat yuz bergan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 foizga kamaygan. Shundan 46 tasi yoki 54,1 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar tasnifiga kiradi. Kriminogen vaziyat nisbatan og‘irlashgan hudud Kattaqishloq mahallasi bo‘lib, qotillik va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari kuzatilgan.

Tadbirda tuman mahalliy budjetining 2023-yil davomidagi ijrosi haqida iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i Bektosh Salomov hisobot berdi. “Fuqarolar tashabbusi” jamg‘armasi mablag‘larini jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarga yo‘naltirish yuzasidan qaror qabul qilindi. Tumanimiz chegara chizmasi va tavsifi tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Senati va Prezident qarorlari ijrosiga oid 4 ta masala ko‘rib chiqildi.

Teglar
Insurance Policy